Regbi: Osiyo chempionatiga tayyorgarlik
Shu kunlarda regbi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod” o‘quv-sport majmuasida navbatdagi mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
- Mazkur o‘quv-yig‘in joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari Toshkent shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida regbi-7 bo‘yicha o‘tkaziladigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik bosqichini o‘taydi, - deydi O‘zbekiston regbi federatsiyasi ijrochi direktori Rustam Nabiyev. - Mashg‘ulotlarni qozog‘istonlik tajribali trener-maslahatchi Anastasiya Xamova olib bormoqda. Qozog‘istonlik mutaxassisga mamlakatimizning 7 nafar trener-mutaxassisi yordam bermoqda. O‘quv-yig‘inda yurtimizning turli hududlaridan saralangan 15 nafardan ziyod iqtidorli yosh sportchilar qatnashyapti. Mashg‘ulotlarda mahoratini oshirayotganlar orasidan saralanganlar qit’a chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Regbichi qizlarimiz uchun 2021 yilning eng nufuzli musobaqasi hisoblangan Osiyo chempionatida qit’amizning 10 dan ortiq davlati ishtirok etishi kutilmoqda. Hozirgacha Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklar va Tailand regbi federatsiyalari Toshkent turnirida qatnashishini tasdiqladi.
O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini joriy yilning 17 avgustigacha davom etadi.
T. RO‘ZIEV.