Referendum yuqori saviyada o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Referendumini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug komissiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari, okrug komissiyasi a’zolari ishtirok etdi.
Brifingda okrug komissiyasi raisi Isoq Ahmedov O‘zbekiston Respublikasi referendumini yuksak saviyada o‘tkazishga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni tegishli qonunlarda belgilangan tartib-tamoyillar asosida izchillik bilan muvofiqlashtirib borilayotgani ta’kidlandi. Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasining vakolatlari haqida qisqacha izoh berildi.

Qayd etilgangidek, Qashqadaryo viloyatining 2 ta shahar va 14 ta tuman hududlari chegaralari doirasida jami 1002 ta referendum o‘tkazish uchastkasi tashkil etildi va ular haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.
Uchastkalar uchun aholi vakillariga qulay bo‘lgan binolar tanlab olindi, jumladan uchastka binolaridan 803 tasi umumta’lim maktablarida, 41 tasi kasb-hunar kollejlari, litsey va texnikumlarda, 48 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 16 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 19 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda, 35 tasi madaniyat va sport markazlarida, 13 tasi harbiy qismlar va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 14 tasi oliy o‘quv yurtlarida, 9 tasi adliya va davlat xizmatlari markazlarida, 4 tasi tadbirkorlik sub’ektlari binolarida joylashgan.

30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan mazkur muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ham alohida mezon tasdiqlangan. Unga ko‘ra, referendum e’lon qilingan kundan boshlab, referendum kuniga 10 kun qolgunga qadar ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tishlari lozim bo‘ladi.
13-Qashqadaryo okrug komissiyasining matbuot markazi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu markazga tajribali jurnalistlar, tarjimonlar, siyosatchilar jalb etilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA.