Referendum – xalq irodasining bevosita ifodasi
Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi bo‘lib, unda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi.
Turin Politexnika universitetining Toshkent shahridagi filialida "O‘zbekiston Respublikasida referendumni tashkil etishning huquqiy asoslari va Konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati" mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda fikr almashildi.
Demokratiya va inson huquqlari instituti tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) hamda Ichki ishlar vazirligi Probatsiya xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi xalqaro kuzatuvchilari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Toshkent shahar probatsiya boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik M.Umarov, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, yuridik fanlari nomzodi S.Xo‘jayeva va Ombudsman kotibiyati boshlig‘i S.Azimov referendumda yurtdoshlarimiz o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi muhim ekaniga e’tibor qaratdi.
Toshkent shahri hududidagi probatsiya nazoratidagi shaxslarga referendumni tashkil etishning huquqiy asoslari va konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
[gallery-11456]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangilanayotgan Konstitutsiyadan o‘rin olgan inson huquqlarining fundamental asoslari ta’minlanishiga qaratilgan normalarga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, shaxsni hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi, shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qomusda mustahkamlanmoqda.
Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi ham o‘rin olgan.
Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga egaligi yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbirda ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar batafsil javob berdi.
N.Abduraimova, O‘zA