Real sektor faolligi biznes muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi
Mamlakatimizda biznesning joriy holati bo‘yicha indeks sezilarli darajada oshdi. Bu tadbirkorlarning kutilmalari va amaldagi holat o‘rtasidagi farq kamayganidan dalolat beradi. Real sektorda faollik yuqori bo‘lib, kutilmalar indeksi 68 bandni tashkil etdi. Bu hozirgi biznes holati bahosidan, ya’ni 53 banddan ancha yuqoridir.
Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi biznes muhiti bo‘yicha aprel oyi uchun navbatdagi tahlil natijalarini taqdim etdi.
Ushbu ma’lumotlar respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida tayyorlangan bo‘lib, unda biznesning hozirgi holati va yaqin uch oy uchun kutilmalar aks etgan.

Aprel yakunlariga ko‘ra, biznes muhiti umumiy indeksi 60 bandni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan 3 bandga, joriy yil mart oyiga nisbatan esa 4 bandga yuqoridir. Indeks 50 banddan yuqori bo‘lgani biznes muhitida ijobiy kayfiyat saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Umumiy indeksning o‘sishi asosan tadbirkorlarning hozirgi biznes holatiga bergan baholari yaxshilangani bilan bog‘liq. Joriy holat indeksi 53 bandni tashkil etib, o‘tgan yil aprel oyiga nisbatan 12 bandga oshdi. Shu bilan birga, yaqin uch oy uchun biznes kutilmalari indeksi 6 bandga pasayib, 68 bandni tashkil etdi. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich hali ham yuqori optimizm darajasini anglatadi.
So‘rov natijalari biznes faolligida ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch oyda o‘z biznesi holatini “yaxshi” deb baholagan tadbirkorlar ulushi 37 foizni tashkil etdi. Mart oyida bu ko‘rsatkich 36 foiz edi. Tovar va xizmatlarga talab oshganini bildirganlar ulushi esa bir oy avvalgi 36 foizdan 40 foizga ko‘tarildi.
Bandlik sohasida ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. So‘nggi uch oyda xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 23 foizni tashkil etdi. Mart oyida bu ko‘rsatkich 21 foiz edi. Yaqin chorakda xodimlar sonini yana ko‘paytirishni 58 foiz korxona rejalashtirmoqda.
Tarmoqlar kesimida biznes muhiti o‘tgan yilga nisbatan iqtisodiyotning barcha asosiy sohalarida yaxshilangan.
Sanoat sohasida biznes muhiti indeksi yillik hisobda 5 bandga oshib, 65 bandni tashkil etdi. So‘nggi uch oyda mahsulotlarga talab oshganini sanoat korxonalarining 31 foizi bildirgan. Xodimlar sonini oshirgan korxonalar ulushi 19 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagi darajaga mos keldi. Sanoatda narxlar bo‘yicha kutilmalar esa o‘tgan yilning apreliga nisbatan 7 foiz bandga kamayib, 20 foizni tashkil etdi.
Qurilish sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 17 bandga oshib, 68 bandga yetdi. So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini tadbirkorlarning 43 foizi qayd etgan (bir yil avval bu ko‘rsatkich 34 foiz edi).
Xizmatlarga talab oshganini respondentlarning 48 foizi bildirgan bo‘lsa, xodimlar sonini ko‘paytirgan korxonalar ulushi 37 foizni tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligida indeks o‘tgan yilning apreliga nisbatan 2 bandga oshib, 63 bandni tashkil etdi. So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganini agrar sektordagi tadbirkorlarning 47 foizi bildirgan. Mahsulotlariga talab oshganini vakillarning 40 foizi qayd etgan bo‘lsa, respondentlarning 44 foizi hozirgi ish holatini “yaxshi” deb baholagan.
Xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi 56 bandni tashkil etdi. Sektordagi tadbirkorlarning 45 foizi hozirgi biznes holatini “yaxshi” deb baholagan. So‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganini soha vakillarining 35 foizi bildirgan.
So‘rov natijalari tadbirkorlik faoliyatida to‘siqlarga duch kelayotganlar soni kamayganini ko‘rsatmoqda. Hech qanday to‘siq yo‘qligini bildirgan respondentlar ulushi mart oyidagi 52 foizdan 60 foizga oshdi. Eng kam muammo qishloq xo‘jaligi (65 foiz) va xizmatlar sohasida (61 foiz) qayd etildi.
Shu bilan birga, kredit olish, elektr ta’minoti, transport va logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklar kamaydi. Biroq qishloq xo‘jaligida suv ta’minoti muammolarini qayd etganlar ulushi 15 foizga yetgan bo‘lsa, sanoat va qurilish sohalarida soliq ma’murchiligi bilan bog‘liq to‘siqlar mos ravishda 13 foiz va 17 foizni tashkil etdi.
Moliyaviy to‘siqlar ahamiyati esa ayrim sohalarda pasaygan: sanoatda kredit olishdagi qiyinchiliklar 9 foizni, xizmatlar sohasida soliq ma’murchiligi 13 foizni tashkil etdi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA