Bu boradagi javobgarlik yanada kuchaytirildi
Bugun hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy va madaniy hayot, ilm-fan, ta’lim - barchasi bugungi kunda bevosita internet tizimining imkoniyatlari asosida rivojlanmoqda.
Afsuski, internet faqat ijobiy o‘zgarishlargagina emas, salbiy oqibatlarga ham sabab bo‘layotganini hech kim inkor etolmaydi. Bugun internet faqat taraqqiyot uchun xizmat qilayotgani yo‘q, u turli uyushgan guruhlar, terroristik tashkilotlar, jinoiy to‘dalar, xakerlar va boshqa qora niyatli kimsalarga ham qo‘l kelayotir.
Bundan tashqari, internet ummonidan zo‘ravonlik, buzg‘unchilik, fahsh va axloqsizlikni targ‘ib etadigan minglab saytlar, portallar mavjud. Achinarlisi, bunday mazmundagi materiallarga qiziqish hech qachon yo‘qolmaydi. Bu “tomosha”larning ayniqsa o‘sib borayotgan yoshlar, o‘smirlar orasida o‘z “ishqiboz”larini topishi oson kechadi.
Bir paytlar zo‘ravonlik va axloqsizlik sahnalari aks etgan mahsulotlar videokassetalar yoki disklarda tarqatilgan. Ularni topish va ko‘rish uchun ham ancha “yo‘l”ni bosib o‘tish kerak bo‘lgan. Bugun esa buning uchun bitta gadjet va internet kifoya qiladi. Bir necha soniya ichida kerakli kadrni topib ko‘rish mumkin.
Bunday mazmundagi materiallar, eng avvalo, millatning ongini zaharlashi, axloqini buzishi, insonlarni tubanlikka boshlashi barchaga ayon. Shu bois inson his-tuyg‘ulariga erk berishni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarda ham bugun pornografiya va zo‘ravonlik aks etgan lavhalar tarqalishiga ma’lum cheklovlar belgilangan.
Ma’lumki, axloq-odob har qanday jamiyatda, har doim insonning bezagi, ziynati bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Sharq xalqlari, jumladan bizda ham ibo-hayo, or-nomus, iffat singari tushunchalar hamisha qadrlangan. Orsizlik, nomussizlik, behayolik, mehrsizlik va razolat hamisha el nafratiga uchrab kelgan. Bunday qarashlar qonuniy hujjatlarimizda ham o‘z aksini topgan. Jumladan insonning sha’nini, qadr-qimmatini yerga uradigan, uning nomusi va obro‘siga putur yetkazadigan har qanday xatti-harakatlarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
Behayolik va shafqatsizlikni targ‘ib etish, zo‘ravonlikni aks ettirgan, pornografik mahsulotlarni tarqatish jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga xalal beradigan huquqbuzarliklar sirasiga kiradi. Jumladan, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tarqatish, reklama va namoyish qilish bo‘yicha milliy qonunchiligimizda muayyan jazolar belgilangan edi.
Bugun bunday xatti-harakatlarni bemalol bajarish uchun Internet, ijtimoiy tarmoqlar eng qulay vositaga aylandi. Bunday filmlarni endi disk yoki videokassetada bojxona postlaridan yashirincha, aylanma yo‘llar bilan olib kirishga deyarli hojat qolmadi. Shu bois, bu boradagi qonunchilik talablariga ham o‘zgartirish kiritish, jazo choralarini yanada qat’iylashtirish kerak edi.
Ana shu maqsadda 2020 yil 25 dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunida ushbu masalalar alohida e’tiborga olindi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasida ilgari pornografik mazmundagi asarlar, bosma nashrlar, ashyolarning tasvirlari, kino-video filmlar, teleradio dasturlar, video va ovoz yozuvli materiallar, kino-foto materiallar va boshqa mahsulotlarni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun mazkur materiallarni, shuningdek ularni tayyorlash va tarqatish vositalarini musodara qilib, eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solish belgilangan, xolos.
Shu sababli bunday ish bilan shug‘ullanganlar qo‘lga tushgan taqdirda ham arzimagan jarima bilan qutulib, yana o‘sha “eski kasb”ni davom ettiraverishgan.
Qolaversa, ilgari ana shunday “tomoshalar” disklar, kassetalar, xorijiy nashrlar yordamida tarqatilgan bo‘lsa, bugun bunday shahvoniy va hayvoniy tasvirlar turli messenjerlar, saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, kanallar, guruhlar vositasida yoyilmoqda.
Bir paytlar bunday behayo va shafqatsiz tomoshalarning “qahramonlari” faqat xorijliklardan iborat bo‘lsa, bugungi kunda internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan o‘zbek tilidagi shahvoniy hikoyalar, matnlar, suhbatlar, videolavhalar, filmlarni ham istagancha topish mumkin.
Bu esa, yoshlar ongi va shuuriga qaratilgan tahdid yanada reallashganini ko‘rsatadi. Bir paytlar o‘smir bola o‘z qiziqishlarini qondirish maqsadida ota-onasidan bekitib to‘plagan pullariga xorijda chiqqan yaltiroq muqovali nashrlarni sotib olgan yoki yerto‘ladagi “videobar”larda taqiqlangan “kino”larni ko‘rgan bo‘lsa, bugungilar uchun bunday qiyinchiliklarga hojat qolmadi hisob.
Shu sababli Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-moddasi matni yangi tahrirda bayon etildi. Unga ko‘ra, endilikda pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, pornografik mahsulotni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida reklama qilish, namoyish etish, tarqatish shu maqsadda ishlatilgan vositalarni musodara qilgan holda, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan to‘rt yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yuz baravaridan to‘rt yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Oradagi farqni ko‘ryapsizmi? Salkam yuz baravar.
Ilgari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchilarga nisbatan biror bir qonuniy chora belgilanmagan. Holbuki, bunday materiallar inson ongiga, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir etishi allaqachon hayotda o‘z isbotini topgan. Qotillik, zo‘ravonlik, bosqinchilik va boshqa jinoyatlarga qo‘l urgan yosh jinoyatchilarning ruhiy holati, qiziqishlari tahlil qilinganda, ular xuddi shu mazmundagi filmlar, lavhalarni juda ko‘p tomosha qilishgani aniqlangan.
Demak, bunday targ‘ibotning oldini olish, targ‘ibotchilarni jazolash orqali qanchadan-qancha og‘ir jinoyatlarning oldini olish mumkin.
Shu bois ham, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yana bitta qo‘shimcha kiritildi. 1891-moddaga ko‘ra, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki olib kirish, reklama
qilish, namoyish etish, tarqatish, xoh u odatiy ko‘rinishda, xoh internet makonida bo‘lsin, pornografiya targ‘iboti bilan bir xil tarzda jazolanadi.
Bu hali ma’muriy javobgarlik xolos. Agar bunday harakatlar ma’muriy javobgarlikdan keyin takroran yuz bersa-chi? Unda endi bunday qilmish jinoyatga aylanadi.
Shu bois, bunday qilmishlar uchun belgilangan jinoiy javobgarlik shartlari ham bir muncha o‘zgardi. Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida Pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, pornografik, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, xuddi shunday xatti-harakatlar ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘i yordamida amalga oshirilgan taqdirda ham jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yildi.
Ya’ni pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun darajasiga qarab, beriladigan jazolar bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravariga qadar jarimadan tortib, to besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha borishi mumkin.
Zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qilganlar uchun esa, qilmishiga yarasha, BHM miqdorining 400 baravariga teng jarimadan tortib, uch yil muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ya’ni bu borada qonunchilikka, avvalo, internet va axborot texnologiyalarining zamonaviy ko‘rinishlari bilan bog‘liq jihatlar kiritilgan, qolaversa, bu boradagi jazolar yanada keskinlashgan.
To‘g‘ri, bugun internet hayotimizga shu qadar chuqur kirib bordiki, 5 yashar bola ham internetning zamonaviy imkoniyatlaridan bemalol foydalana oladi. Bugun bolaning qo‘lidan telefon yoki planshetni tortib olish, uydagi vay-fay tizimini o‘chirish bilan uni turli virtual tahdidlardan qo‘riqlashning imkoni yo‘q.
Shu bois, avvalo farzandlarda bu kabi axloqsizlik namunalariga nisbatan immunitetni shaklantirish, ularga to‘g‘ri tarbiya berib, oq-qorani farqlashni o‘rgatish lozim. Qolaversa, o‘z manfaatlari yo‘lida razolat targ‘ibotiga qo‘l urayotganlar munosib, keskin jazoga tortilishi shart.
Rustam Jabborov,
“Adolat” Milliy huquqiy
axborot markazi mas’ul xodimi.
O‘zA