Rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi
Senatning yalpi majlisida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini eng yuqori darajada ta’minlash, iqtisodiyot sohalarining rivojlanish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining tashkil etilishi rasmiy statistika sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, rasmiy statistikani rivojlantirish masalalari bo‘yicha faoliyatni milliy statistika tizimi doirasida muvofiqlashtirish jarayonida statistika organlarining mustaqilligi va vakolatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Rasmiy statistika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining normalarini o‘zaro muvofiqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun bilan statistika kengashining vakolatlari kengayib, statistika ishlarini tashkil etish tizimini yaratishga ko‘maklashish hamda rasmiy statistikani tayyorlovchilarning sohaga oid faoliyatini muvofiqlashtirish vakolati berilmoqda.
Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika ma’lumotlariga yoki statistika ma’lumotlarini tayyorlash faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari vakolatli davlat organi bilan kelishilishi shartligi berilmoqda.
E’lon qilingan rasmiy statistikada tafovutlar aniqlanganda uni tuzatilishi va tuzatilgan ma’lumotlar jamoatchilikka e’lon qilinishi ham qonun bilan belgilab qo‘yilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun statistika sohasidagi ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga hamda rasmiy statistikadan foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,O‘zA