Rasmiy munosabat: qizamiq bilan kasallanish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qizamiq kasalligiga gumon qilingan 290 ta holat qayd etilgani, shuningdek, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 10 ming nafardan ziyod shaxs ro‘yxatga olingani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qildi:
“Avvalo shuni aytish kerakki, ayni paytda nafaqat poytaxt, balki butun mamlakatimizda qizamiq kasalligi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Xavotirlanishga hech qanday asos yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan raqamlar esa 2026-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma ko‘rsatkichdir. Shu bois mazkur raqamlarni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holat sifatida talqin qilish to‘g‘ri emas.
E’tiborlisi, qizamiq bilan kasallanish ko‘rsatkichi 2025-yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Shunday ekan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘raydi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida 47 ming 494 nafar 1 yoshli va 42 ming 767 nafar 6 yoshli bola KPK (qizamiq, epidparotit, qizilcha) vaksinasi bilan emlandi”.
M.Qosimova,
O‘zA