Ijtimoiy tarmoqlarda «Farengoforte» savdo nomidagi sprey ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq turli videolar tarqalmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi «Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi» davlat muassasasi ushbu mahsulot yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilmoqda.
“Dori vositasi ekanligi aytilayotgan «Farengoforte» savdo nomidagi mahsulot aslida dori vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan va tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat berilmagan.
Shu munosabat bilan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qat’iy nazar) barcha tashkilotlar va yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirib, «Farengoforte» mahsulotini realizatsiya qilmasligini so‘raydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati» to‘g‘risidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi”, deyiladi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bildirgan rasmiy munosabatda.
O‘zA