Rasman: 57 yoshli Slaven Bilich Xorvatiya milliy jamoasiga qaytdi
Bu Bilich uchun mamlakat bosh jamoasidagi ikkinchi murabbiylik faoliyati bo‘ladi.
Taniqli mutaxassis Slaven Bilich Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. 57 yoshli murabbiyning milliy jamoa ustozligiga qaytganini Xorvatiya futbol ittifoqi rasman e’lon qildi.
Bu Bilich uchun mamlakat bosh jamoasidagi ikkinchi murabbiylik faoliyati bo‘ladi. U avval 2006-yildan 2012-yilga qadar xorvatlarni boshqargan va ushbu davrda jamoani ikkita yirik xalqaro turnirga olib chiqqan edi. Jumladan, Yevro-2008 musobaqasida Xorvatiya termasi uning qo‘l ostida chorak finalga qadar yetib borgan.
Xorvatiya OAVlarining tarqatgan ma’lumotlariga ko‘ra, tajribali mutaxassisning yangi shartnomadagi yillik maoshi soliqlar ushlanishidan avval taxminan 1 million yevroni tashkil etadi.
O‘z vaqtida terma jamoadan ketgach, Slaven Bilich Moskvaning «Lokomotiv», Turkiyaning «Beshiktosh», Angliyaning «Vest Xem» va «Vest Bromvich» klublarida, shuningdek, Xitoy hamda Saudiya Arabistoni chempionatlarida faoliyat yuritgan. Uning oxirgi ish joyi Saudiya Arabistonining «Al-Fatex» klubi bo‘lgan edi va murabbiy ushbu jamoani bundan ikki yil avval tark etgandi.
Slaven Bilich futbolchilik faoliyatida Xorvatiya terma jamoasi safida 44 ta uchrashuvda maydonga tushgan va 1998-yili Fransiyada o‘tgan jahon chempionatida bronza medallariga sazovor bo‘lgan.