31 may – O‘zbek milliy raqs san’atining darg‘asi, “Bahor” davlat raqs ansamblining asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyeva tavallud topgan kun.
“Bahor” ansambli haqida gap ketganida darhol ko‘z o‘ngimizda Mukarrama Turg‘unboyeva gavdalanadi. Opa yurtimizdagi eng yaxshi hofizlar, baletmeysterlar va bastakorlarni o‘z atrofiga jamlay olgani tufayli ansamblning obro‘si juda baland bo‘lgan. Shuningdek, u milliy qadriyat va an’analarimizni nihoyatda qadrlagan. Biror bir qo‘shiqqa raqs sahnalashtirishdan avval o‘sha qo‘shiqning yaralish tarixi haqida ma’lumotlar topib, o‘rganib, raqsni ko‘nglida aks ettirishni odat qilgan.
Mukarrama Turg‘unboyeva ijrosidagi milliy raqslarimizni tomosha qilganimizda, u yaratgan obrazlardagi joziba ko‘nglimizga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Mukarrama opa o‘zbek xoreografiyasining oltin fondiga kiritilgan “Tanovar”, “Katta o‘yin”, “Jonon”, “Pilla”, “Paxta” kabi o‘zbek milliy raqsining asoschisi va betakror ijrochisi hisoblanadi.
"Uning har bir chiqishi chinakam doston edi" deya xotirlaydi u haqda taniqli san’at va madaniyat arboblari.
Uning yorqin xotirasi o‘zbek xalqi va san’at vakillari yodida umrbod qoladi.
O‘zA