Raqobatni cheklash harakatlariga barham beriladi
bugungi kunda raqobat va tabiiy monopoliyalar sohasiga oid 2 ta qonun mavjud bo‘lib, global taraqqiyot tufayli amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlar hozirgi kun talablariga to‘g‘ri kelmaydi va ta’sirchanligi past. Amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirganiga 10 yil, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunga 23 yil bo‘ldi. Mazkur qonunlarda birgina moliyaviy jarimalarning mavjud emasligi yirik monopoliyalarning bozor hukmronligi va o‘z mavqeini suiiste’mol qilishini tiyib turish vazifasini bajarishga umuman imkon bermayapti.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda imtiyoz va preferensiyalar berishning aniq va shaffof mexanizmlari keltirilmagan. Bu raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 100 dan ortiq monopollashgan, 10 dan ortiq eksklyuziv huquqlar mavjud bo‘lgan bozorlar saqlanib qolmoqda, imtiyoz va preferensiyalar tekis va teng taqsimlanmagani aksariyat hollarda raqobatni cheklamoqda.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qayd etildi. Unda fraksiya a’zolari “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha bilan ommaviy savdo tushunchasi kiritilib, nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa elektron tarzda o‘tkaziladigan savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish choralari ko‘zda tutilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonun hujjatini qabul qilish maqsadida ayrim qonunosti hujjatlarining normalari qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy jarimalar kiritilishi munosabati bilan iqtisodiy konsentratsiyaga va tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish harakatlari hamda raqobatga qarshi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda. Monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining naqadar muhimligiga e’tibor qaratib, uning qabul qilinishi mamlakatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, raqobatbardoshlikni oshirish, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonlarini chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA