Raqobat qo‘mitasi: aholi bilan ochiq muloqot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2025-yil yakuni va 2026-yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan 2025-yil yakuni bo‘yicha jami 1 ming 400 ga yaqin va 2026-yil birinchi choragida 500 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarni o‘rganish natijasida 2025-yil davomida 160 ming nafardan ortiq iste’molchining huquq va manfaati himoya qilinib, ular foydasiga qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, 2026-yil birinchi choragida ham 160 ming nafarga yaqin iste’molchi manfaati himoya qilinib, ular foydasiga 5 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.

2025-yil yakuni bo‘yicha davlat va korporativ buyurtmachilar tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 230 milliard so‘mdan ortiq 800 ga yaqin, 2026-yilning birinchi choragida boshlang‘ich qiymat 17,2 milliard so‘mlik 290 ga yaqin tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Shundan, o‘tgan yil davomida 700 ga yaqin savdo jarayonida 1 ming 400 dan ortiq, joriy yil birinchi choragida 300 ga yaqin savdo jarayonida 500 dan ortiq raqobatga zid harakat aniqlangan.
Shuningdek, qonun buzilishi holatlari aniqlangan 300 ga yaqin xaridning 62 tasi bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lumotnomalar taqdim etildi. 200 ta xarid yuzasidan hududiy organ tomonidan 4 ta ish qo‘zg‘atilib, 2 ta mansabdor shaxslarga ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan qarorlar qabul qilingan.

2025-yil davomida mahalliy hokimliklar tomonidan “Ye-qaror” va regulation.gov.uz portaliga qo‘yilgan 500 ga yaqin, 2026-yil birinchi choragida 100 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining (ex-ante) raqobatga ta’siri baholashdan o‘tkazildi. Shundan 2025-yil davomida 40 ta, 2026-yil birinchi choragida 16 ta holatda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga zid bo‘lgan normalar aniqlanib, tegishli xulosalar berildi. Shuningdek, 2025-yil davomida 17 ta shahar va tuman hokimligi hamda 8 ta davlat boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan 30 mingdan ortiq hujjat (qaror, farmoyish, buyruq, bayonnoma va xatlar) xatlovdan (ex-post) o‘tkazilgan. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, 200 ta hujjatda raqobatga zid holat aniqlanib, 20 dan ortiq davlat boshqaruv organi va mahalliy hokimlikka taqdimnoma kiritildi. Ushbu ko‘rsatgich 2026-yilning birinchi choragida 6 ta shahar va tuman hokimligi hamda 3 ta davlat boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan 8 mingdan ortiq hujjat (qaror, farmoyish, buyruq, bayonnoma va xatlar) xatlovdan (ex-post) o‘tkazilgan.
Respublikada tabiiy monopoliya sub’ektlari soni 4 ta tashkil etib, 2025-yilda tabiiy monopoliyalar faoliyati bo‘yicha 9 ta o‘rganish o‘tkazildi va ular tomonidan asossiz haq undirish va tadbirkorlar hamda iste’molchilarni kamsitilishi yuzasidan 6 ta holat aniqlanib, 230 million so‘mdan ortig‘i iste’molchiga qayta hisoblanib berildi.
Reklama qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan nazorat tadbirlari doirasida 100 dan ortiq tekshirish ishlari amalga oshirilib, 43 ta holatda ish qo‘zg‘atilib, 21 ta holat bo‘yicha tegishli ta’sir choralari ko‘rildi. Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida tashqi reklama ob’ektlari bo‘yicha xatlov ishlari davom ettirilib, 200 ga yaqin o‘rganish o‘tkazildi va tegishli tartibda ogohlantirishlar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.