Raqamli transformatsiya: biznes boshqaruvida yangi imkoniyatlar va zamonaviy tendensiyalar
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “International School of Finance Technology and Science” institutida “Raqamli transformatsiya: biznes boshqaruvida yangi imkoniyatlar va zamonaviy tendensiyalar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 3 iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjuman xalqaro toifadagi biznes mutaxassislaridan ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yetakchilik qobiliyati va biznes boshqaruvi bo‘yicha yuksak bilimga ega tadbirkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, universitetlararo munosabatlarni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni joriy etish kabi maqsadlarga qaratilgan.
[gallery-20500]
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, raqamli transformatsiya – bu biznes jarayonlariga yangi texnologiyalarni joriy etish usuli bo‘lib, unda raqamli texnologiyalardan biznes faoliyatini o‘zgartirish va yaxshilash uchun foydalaniladi. Bugungi davr biznesda tub o‘zgarishlarni talab etmoqda. To‘yingan bozor, yuqori raqobat, mijozlar talabi – biznesning raqamli transformatsiyasiga bo‘lgan zaruratining ba’zi sabablaridan hisoblanadi. Bu jarayon kompaniyalarga zamonaviy bozor talablariga moslashish, samaradorlikni oshirish, yangi imkoniyatlardan foydalanish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkonini beradi.
Tadbirda Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Hisob palatasi kabi davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.
Mavzu bo‘yicha biznes mutaxassislari tomonidan master-klasslar tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob oldi.
Yakunda O‘zbekiston Eksportchilari uyushmasi hamda Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Kamola Yusupova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA