Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi tashkil etiladi
Bugungi zamonaviy dunyoda innovatsiyalar va raqamlashtirish milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida asosiy drayverlariga aylandi. Mamlakatimizda ham raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanib, axborot texnologiyalari sohasi qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro IT-kompaniyalarni jalb qilish orqali eksport salohiyati oshirilmoqda.
Axborot texnologiyalari sohasining jadal o‘sishi shiddat bilan rivojlanayotgan sanoatning chaqiriqlariga tezkorlikda javob bera oladigan, moslashuvchan va ilg‘or normativ-huquqiy bazani yaratishni taqozo etadi.
Bunda bozor ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish, investitsiyalarni jalb qilish va sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar kabi ilg‘or texnologiyalar bilan ishlovchi rezidentlar uchun shaffof va barqaror qonunchilikni yaratish asosiy omil hisoblanadi.

Quyi palata majlisida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ayni maqsadga qaratilgan.
Deputat B.To‘xtamurodovning qayd etishicha, qonun loyihasi orqali Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini alohida hududda maxsus qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda. Ushbu Konstitutsiyaviy qonun loyihasining maqsadi — Raqamli texnologiyalar xalqaro markazining maxsus hudud sifatidagi maqomini va uning hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni belgilashdan iborat.
Unga ko‘ra, Markaz hududida maxsus huquqiy rejimni yaratish, moslashuvchan soliq va bojxona rejimini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish (ro‘yxatga olish va boshqarish uchun yagona darcha tashkil etish, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari), davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash (davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning aniq tartiblarini belgilash, biznes yuritishda ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish) nazarda tutilyapti.
Markaz ishtirokchilari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda nizolarni hal etishda xalqaro huquq normalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi O‘zbekistonda joylashgan bo‘lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini cheklamaydi. Aksincha, yangi, yuqori qiymatga ega ish o‘rinlarini yaratish, sohada zamonaviy kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi. Yurtimizda IT sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini, raqamli sektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini oshiradi.
Qonun loyihasining bugungi kundagi ahamiyati va dolzarbligi alohida e’tirof etilib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA