Raqamli texnologiyalar sohasiga oid qonunchilik hujjatlari o‘zaro muvofiqlashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi to‘g‘risidagi nizomga, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-maydagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan Tashqi savdo operatsiyalari amalga oshirilishi monitoringini olib borish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga:
raqamli texnologiyalar sohasiga oid qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarda raqamli texnologiyalarni joriy etish tizimini takomillashtirish maqsadida tashkilotlar axborot infratuzilmasining (dasturiy ta’minot, apparat vositalari, tarmoqlar) faoliyat ko‘rsatish jarayonlari (foydalanuvchilarga kirish, ma’lumotlarni zaxiralash, o‘zgarishlarni boshqarish) bo‘yicha tizimli tekshiruv - axborot texnologiyalari auditini (IT-audit) joriy etish va muvofiqlashtirish funksiyasini kiritish;
axborot texnologiyalari sohasida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga reklama xizmatlari va dasturiy ta’minot obunalari uchun korporativ bank kartalari orqali 500 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdordagi to‘lovlarni to‘lash, shuningdek, yaratilgan dasturiy mahsulotlar obunalari bo‘yicha xorijiy davlatlardan kelib tushadigan to‘lovlarni “E-contract” tashqi savdo axborot tizimiga kiritmasdan, ommaviy oferta asosida qabul qilishga ruxsat berish;
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga ommaviy axborot vositalarini qo‘shish;
“Elektron hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi va Raqamli ma’lumotlar platformasiga ulanish uchun ariza berish, uni ko‘rib chiqish jarayonlarini elektron tarzda amalga oshirish;
yangi veb-servislarni ulash va taqdim etish tartibini joriy etish;
nodavlat notijorat tashkilotlari, “Raqamli startaplar” dasturi va (yoki) Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etuvchi startap loyihalarga “Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot almashinuvini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
O‘zA