Munosabat
XXI asrni Axborot texnologiyalari asri, deb nomlash ham urf bo‘lgan. Bu bejiz emas. Chunki, hayotimizning qaysi jabhasiga ko‘z tashlamang, unda IT texnologiyalari mustahkam o‘rin egallayotganiga, ushbu sohaning kelgusi taraqqiyotini belgilab berayotganiga guvoh bo‘lamiz.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham mamlakatimizni mintaqaviy “IT-NUB”ga aylantirish maqsadi belgilangan. Bu esa davlat boshqaruvi va sohalarni raqamlashtirish, aloqa infratuzilmasini yaxshilash, IT ta’limni rivojlantirish kabi ko‘p omillarni talab etadi.
Strategiyaning “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishida IT sohasida 300 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash, maktab o‘quvchilarini xalqaro IT bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘rgatish, “Bir million dasturchi” loyihasini kengaytirish va har yili 15 ming nafar eng iqtidorli yoshni nufuzli xalqaro kompaniyalar talablariga mos dasturlar asosida tayyorlash kabi bir qator dolzarb vazifalar belgilangan.

Shuningdek, Strategiyada IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Buning uchun hududlarda IT infratuzilmani va venchur bozorini rivojlantirish, “local to global” tamoyili orqali mahalliy korxonalarni eksportga olib chiqish, yurtimizda xalqaro kompaniyalar ofislarini ochish kabi ko‘plab choralar ko‘zda tutilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami belgilangan barcha vazifalar ijrosi talab darajasida bajarilishidan darak berib turibdi. Misol uchun, axborot texnologiyalari sub’ektlari uchun yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar natijasida sohadagi korxonalar va ish o‘rinlari soni, xizmatlar eksporti ortib bormoqda. Xususan, 2017 yilda yurtimizda IT kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozir 1 ming 600 taga yetdi. Ish o‘rinlari ham qisqa vaqtda 10 baravar ko‘payib, 24 mingtadan oshdi. 2017 yilda 600 ming AQSH dollari bo‘lgan eksport hajmi joriy yil yakuni bilan 300 million dollardan oshishi kutilmoqda.
Joriy yil 20 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tilgan fikr va mulohazalar Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalar bilan hamohanglik kasb etgani bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishda soha rivojiga qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi belgilandi. Xususan, soha rivoji uchun bir qator imtiyozlar berilishi, xalqaro hamkorlikning kuchaytirilishi ta’kidlandi. Raqamli texnologiyalar vazirligi zimmasiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanishi, AQSHlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi ta’minlanishi aytildi. Davlatimiz rahbari raqamlashtirish mahalladan boshlanishi kerakligini ta’kidladi.
Ayni paytda Jizzax viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘ini tizimi xodimlari planshet va kompyuter bilan ta’minlangan. Lekin ulardan to‘la foydalanilmayapti. Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik bo‘limidan ishsizlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelishga majbur. Shu bois mutasaddilarga “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi”ni raqamli tizimlardan foydalanishga o‘qitish topshirildi.
“Har yaxshining bir yomoni bor”, deydi xalqimiz. Axborot texnologiyalaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga, yoshlarimiz ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatishga urinayotgan kuchlar borligini ham unutmasligimiz kerak. Bu esa, nafaqat soha mutaxassislari, huquqni himoya qilish organlari xodimlari, mahalla faollari, balki dastlabki navbatda ota-onalar farzandlarimizning taraqqiyot mevasi bo‘lmish axborot texnologiyalari yutuqlaridan bahramand bo‘lishida mas’ullikni oshirishini talab etadi.
Belgilangan bu vazifalar davlat dasturlari doirasida so‘nggi yillarda chiroy ochib, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlanayotgan tibbiyot va ta’lim maskanlari, davr talablari darajasida faoliyat ko‘rsatayotgan, tadbirkorlik rivojlanib borayotgan mahallalarimizda aholi uchun yangidan-yangi qulayliklar yaratilishiga katta turtki beradi. Odamlarimizning bugungi kundan rozi bo‘lib, ertangi kunga umid bilan qarashiga zamin yaratadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Har bir soha va hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat rivojlanmaydi”.
Erkin Xolmatov,
O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax viloyat kengashidagi
O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA