Bugungi raqamli davrda tezkor innovatsiyalar, mustahkam IT-infratuzilma va ilg‘or texnologiyalarga tayangan mamlakatlar global raqobatda yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston ham aynan shu yo‘ldan borib, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik orqali yangi taraqqiyot bosqichiga chiqmoqda.
Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida joylashgan "Karamay Cloud Computing Industrial Park" texnoparkiga tashrif buyurdi.

Mazkur texnopark Xitoydagi raqamli iqtisodiyotning muhim markazlaridan biri sanaladi. Bu yerda katta ma’lumotlar (big data), sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar jamlangan.
Tashrif davomida vazir texnoparkdagi texnologik yechimlar, ishlab chiqarish jarayonlari va raqamli infratuzilmalar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Xitoydagi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik tajribasi, innovatsion loyihalar ham muhokama qilindi.

Mazkur tashrif O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish, Xitoyning ilg‘or tajribasini o‘rganish va ikki davlat o‘rtasidagi axborot texnologiyalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA