O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti tomonidan “Raqamli ta’lim texnologiyalarining joriy etilishi: muammolar, izlanishlar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.
Konferensiyaning maqsadi ta’limga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va undan samarali foydalanish orqali o‘qitish samaradorligini ta’minlash, tizimdagi rahbar va pedagog kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirishda raqamli texnologiyalardan foydalanishning dolzarb muammolariga yechim topish va ularni amaliyotga joriy etishdan iborat bo‘ldi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Vohid Hamidov, Osiyo taraqqiyot banki Ta’lim va ko‘nikmalarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha mutaxassisi Navbahor Sharipova va boshqalar sohaga raqamli texnologiyalarning jadal joriy etilishi masalalari xususida to‘xtaldi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, tizimda 10 mingdan ortiq maktablarning aksariyatida kompyuterlar va ularga asoslangan raqamli ta’lim texnologiyalaridan foydalanilmoqda.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga bolalarni qabul qilish, ularga oid ma’lumotlarni yuritish, maktablarni tamomlagan o‘quvchilarga beriladigan guvohnoma va attestatlarning ro‘yxatini yuritadigan raqamli texnologiyalar mazkur jarayonlarda oshkoralik va inson omilining kamayishiga xizmat qilmoqda.

Maktablarga kirish qismida o‘quvchilarning yuzini skaner qilib ichkariga kiritishga ruxsat beradigan, dars jadvallarini elektron tablolarda ko‘rsatadigan, o‘tilayotgan darsga doir barcha axborotlarni ko‘rgazmali tarzda namoyish qiladigan, o‘quvchilarning davomati va o‘zlashtirishiga oid axborotlarni o‘zida jamlagan, dars jarayonlarni sinflarga kirmasdan kuzatish va maktablarda xavfsizlikni ta’minlash imkoniyatini beradigan raqamli texnologiyalar kundalik hayotimizning ajralmas bir qismiga aylandi.
Sinf xonalarining kompyuterlar, smart-televizorlar, planshetlar, smart-doskalar va boshqa turdagi ta’lim texnologiyalari bilan jihozlanishi majburiy talabga aylandi. Bunday zich raqamli muhitga ega bo‘lish va u bilan doimiy muloqotda bo‘lish natijasida bugungi kun o‘quvchilarining fikrlashi va axborotlar bilan ishlash jarayonlari avvalgi fikr yuritish va axborot bilan ishlash jarayonlaridan tubdan farq qilmoqda. Shuning uchun ham raqamli texnologiyalar davrida ta’lim olayotgan bugungi o‘quvchilarimiz raqamli avlod deb atalmoqda.
A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasining joriy etilishi soha xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’limini amalga oshirishda qator imkoniyat va qulayliklarning yaratilishiga olib keldi. Endilikda xodimlar yashash va ishlash joylaridan ajralmagan holda, istalgan vaqt va joyda mazkur platformadan foydalangan holda ta’lim olishi mumkin.
Konferensiyada sohaning yetuk mutaxassislari, olimlar va ilmiy tadqiqotchilar, doktorant va magistrlar, professor-o‘qituvchilar, shuningdek, amaliyotchi pedagoglar tomonidan bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
N.Usmonova,
O‘zA