Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Raqamli podstansiyalar yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanmoqda

Energetika tizimini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish mamlakat elektr energetikasi tarmog‘ini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, yuqori kuchlanishli podstansiyalarni raqamli boshqaruv tizimlariga o‘tkazish asnosida elektr ta’minotining ishonchliligi, xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biridir.

Mazkur jarayonda sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion yechimlar bilan tanishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu haqda “O‘zbekiston milliy elektr barmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov quyidagicha ma’lumot berdi:

– Tashkilotimiz xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ilg‘or xorijiy tajriba bilan tanishtirish hamda zamonaviy bilim va innovatsion yondashuvlarni o‘zlashtirishda  malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil etish amaliy natija beradi. Bu jarayonda xalqaro hamkorliklar ham yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqinda  jamiyatning bir guruh mutaxassislari uchun shunday o‘quv tashkil etildi. Loyiha Jahon banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Tadbir “Raqamli podstansiyalarda himoya va boshqaruv tizimlarini ishga tushirish, sozlash va texnik xizmat ko‘rsatish” mavzusiga bag‘ishlanib, mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar zamonaviy raqamli podstansiyalarning afzalliklari, asosiy qurilmalari, elektr uskunalari hamda rele himoyasi va avtomatika qurilmalari bilan ishlash bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. Shuningdek, optik tolali aloqa orqali signal almashish hamda “PCS Studio” dasturi yordamida NR turidagi rele himoyasi va avtomatika terminallarini sozlash masalalari atroflicha o‘rganildi.

Mazkur malaka oshirish kurslari natijasida tashkilotimiz tasarrufidagi yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya qilish, ularni raqamli podstansiyalarga bosqichma-bosqich o‘tkazish hamda yangi raqamli podstansiyalarni qurish jarayonlari uchun malakali kadrlar tayyorlandi.

O‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan xodimlar raqamli podstansiyalar ishga tushirilganda o‘rnatilgan rele himoyasi va avtomatika qurilmalarini ekspluatatsiya qilish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Bu esa jamiyat faoliyatida ishonchlilik, xavfsizlik va samaradorlik ko‘rsatkichlarining oshishiga xizmat qiladi.

Muhimi, bu kabi tadbirlar “O‘zbekiston milliy elektr barmoqlari” AJ tomonidan raqamli transformatsiyani izchil amalga oshirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda elektr ta’minoti tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish yo‘lida qo‘yilayotgan muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA