Shu yilning 23 mayida qabul qilingan “Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilanganidek, endilikda raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.
Raqamli markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni ta’minlash Inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2025 yil 1 sentyabrdan xavfni tahlil qilish tizimida majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari soliq xavfi darajasini yuqori deb baholash uchun asos bo‘ladi.
Hujjatda qayd etilishicha, majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda markirovka kodi biriktirilmagan elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Majburiy raqamli markirovkalanadigan mahsulotlarni chakana realizatsiya qilishda markirovka kodi kiritilgandan so‘ng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantiriladi.
Avval foydalanilgan markirovka kodlari kiritilganda onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa chekini shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlarini soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlash bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Bunda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma olish talab etilmaydi.
Majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari aniqlanganda qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ogohlantirish beriladi.
Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik holatlari aniqlanganda belgilangan miqdorlarda jarima qo‘llanadi. Jarima qo‘llanilgan tadbirkorlarga 1 yil davomida QQS summasining o‘rni qoplanmaydi.
2025 yil 1 sentyabrdan farmatsevtika faoliyati hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bo‘yicha yangidan tashkil etilgan sub’ektlarga litsenziya berishda qo‘shimcha shartlar kiritiladi.
O‘zA