Yangi qaror
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, shuningdek, ularni aniqlash va tergov qilish uslublarini takomillashtirishga qaratilgan raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish nazarda tutilgan. Institut raqamli kriminalistika sohasida innovatsion tadqiqot va ishlanmalar markaziga aylanishni maqsad qilgan.
Qarorning asosiy jihatlari:
1. Institutga raqamli kriminalistika sohasida sud-tibbiy ekspertiza va tadqiqotlar o‘tkazish vakolati berish;
2. Kiberjinoyatlarni tergov qilish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish. Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati samaradorligini oshirishda “katta hajmli ma’lumotlar” (Big Data) tahlili, sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalardan foydalanishga alohida e’tibor qaratish;
3. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
4. Raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazish usullarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
5. Kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish usullarini ishlab chiqish;
6. Raqamli kriminalistika sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
7. Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish.
Qarorda “Raqamli dalillarning yagona reyestri” – idoralararo avtomatlashtirilgan tizimni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Reyestr raqamli dalillarni, jumladan, fotosuratlar, video va audio yozuvlar, elektron hamyonlar haqidagi ma’lumotlar, kripto-aktivlar manzillari,
IP-manzillar va jinoyatlarning boshqa raqamli izlarini to‘plash, qayd etish, saqlash va tahlil qilish uchun mo‘ljallangan. Reyestrning joriy etilishi kiberjinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshiradi va raqamli dalillarning ishonchli saqlanishini ta’minlaydi.
Mazkur qarorning o‘ziga xosligi uning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni, shu jumladan, kripto-aktivlar va blokcheyn texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish jarayonlarini modernizatsiya qilishga kompleks yondashuvidadir.
Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga, shuningdek, raqamli makonda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning qo‘shimcha kafolatlarini yaratishga qaratilgan.
O‘zA