Raqamli islohotlar samarasida byudjet tushumlari 28 foizga oshdi
O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish va tadbirkorlik sub’ektlari bilan manzilli ishlashga qaratilgan “Korxonabay” tizimi iqtisodiyotda ijobiy natijalarni namoyon etmoqda. Mazkur tizim doirasida har bir qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchi tashkilotga alohida soliq inspektori biriktirilib, ularning faoliyati doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Shuningdek, soliq organlari ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan soliq to‘lovchilar haqidagi barcha ma’lumotlarni tahlil qilish va monitoring qilishning avtomatlashtirilgan raqamli tizimi joriy etildi. Bu esa soliq to‘lovchilar faoliyatini chuqur tahlil qilish, iqtisodiy faollikni oshirish va byudjet tushumlarini barqaror ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Soliq qo‘mitasining malum qilishicha, 2026-yil mart oyi natijalari “Korxonabay” tizimi samaradorligini yana bir bor tasdiqladi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan quyidagi ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, 84 mingta soliq to‘lovchining oylik tovar aylanmasi 10 million so‘mdan oshgan. 79 mingta soliq to‘lovchida tovar aylanmasiga nisbatan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi ulushi 5 foizdan yuqori bo‘lgan — 23,5 foizga ko‘paydi. 99,9 mingta soliq to‘lovchining rentabellik darajasi 1 foizdan yuqori bo‘lgan — 19,5 foizga o‘sdi. 42,7 mingta soliq to‘lovchi bir oyda 1 million so‘m va undan ortiq QQS to‘lagan — 27,5 foizga oshdi. 75,5 mingta soliq to‘lovchining tovar aylanmasiga nisbatan QQS summasi 1 foizdan yuqori bo‘lgan — 25,4 foizga ko‘paydi. 8,3 trillion so‘m byudjet tushumlari ta’minlandi — 28,3 foizlik o‘sish kuzatildi.
Mazkur hisob-kitoblarda soliq imtiyozlari va byudjet tashkilotlari tushumlari hisobga olinmagan.
Qayd etilishicha, “Korxonabay” tizimi soliq ma’muriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Har bir korxona bilan individual ishlash orqali yashirin iqtisodiyot ulushi qisqarib, ish haqi jamg‘armasi va tovar aylanmalari shaffoflashmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA