Raqamli iqtisodiyot afzalliklari
Bugungi kunda insoniyat taraqqiy etishi ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish shiddatlariga bevosita bog‘liq.
2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili
2020 yil – Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qilinishi mamlakatimizda yaqin kelajakda aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish va axborot texnologiyalari sohasini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biri bo‘lib qolishidan dalolat beradi.
Bugungi kunda insoniyat taraqqiy etishi ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish shiddatlariga bevosita bog‘liq.
XX asrning oxirida, internet tarmog‘i jamiyat hayotining turli sohalariga kirib kelishi bilan “elektron hukumat”,“elektron savdo”, “raqamli iqtisodiyot” kabi atamalar paydo bo‘ldi.
“Raqamli iqtisodiyot” atamasi ilk bor 1995 yilda Massachusets universitetida faoliyat olib borgan amerikalik informatik olim, Nikolas Negroponte tomonidan o‘z hamkasblariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan iqtisodiyotning eski iqtisodiyotdan ustunligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida tilga olingan.
An’anaviy iqtisodiyotdan ko‘pgina ustunliklarga ega raqamli iqtisodiyot qisqa davrda dastlab rivojlangan mamlakatlarda, keyinchalik dunyo bo‘ylab keng ommalashdi.
Raqamli iqtisodiyot – bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish tizimi bo‘lib, bunga avvalambor onlayn-xizmatlar, masofaviy ta’lim, elektron to‘lovlar, tovar va xizmatlarning internet-savdosi misol bo‘la oladi.
Bugungi kunda “raqamli” mamlakatlar ichida yetakchilar bu Norvegiya, Shvesiya hamda Shveysariyadir. Bu borada top-10 davlatlar qatoriga AQSh, Buyuk Britaniya, Daniya, Finlyandiya, Singapur va Janubiy Koreya kiradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni raqamlashtirish bo‘yicha bir qator choralar amalga oshirib kelinmoqda.Zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirish bo‘yicha sharoitlar yaratish, axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarini ham shu tadbirlar jumlasiga kiritish mumkin. Ushbu chora-tadbirlar natijasida elektron hujjat aylanishi joriy etildi, elektron to‘lovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasida normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Shubhasiz, iqtisodiy sektorni raqamlashtirish tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni kamaytirish, mahsulot sifatini yaxshilash, hajmi va raqobatbardoshlikni keskin oshirish hamda vaqtni tejash kabi imkoniyatlarni yaratadi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar bank tizimi, chakana savdo, transport, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda qo‘llanilmoqda.
Prezidentimizning Parlamentga navbatdagi Murojaatnomasida ham hayotimizning ko‘pgina jabhalarini raqamlashtirish bo‘yicha qator maqsadlar aytib o‘tildi. Jumladan, qurilish, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog‘liqni saqlash, ta’lim, arxiv sohalarini to‘liq raqamlashtirish. “Elektron hukumat” tizimining barcha tashkiliy va institutsional masalalarni kompleks yechish, Nukus, Buxoro, Namangan, Samarqand, Guliston va Urganch shaharlarida “IT-park”lar tashkil etish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilishi boshlangan “Bir million dasturchi” loyihasini davom ettirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yaqin 2 yil ichida barcha qishloq va mahallalarni tezkor internet bilan ta’minlash, 12 mingta muassasani tezkor internetga ulash, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqishni ikki oy muddatda yakunlash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Yuqoridagi maqsad va vazifalarni tizimli amalga oshirish uchun hukumatda – Bosh vazir o‘rinbosari, vazirlik va idoralarda, shuningdek, hokimliklarda alohida o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Prezidentimizning ushbu tashabbuslari – bugun O‘zbekiston rivojlanishning yangi bosqichini boshlayotgani, yaqin kelajakda davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatdan tubdan yaxshilanishi, turli ijtimoiy va iqtisodiy tizimlar o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanishining garovidir.
Biz intilayotgan “raqamli inqilob” natijasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning aksariyati avtomatlashtirilgan servislar yordamida amalga oshiriladi. Bu, o‘z navbatida, aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonida inson ishtirokini keskin kamaytirib, uzoq yillar davomida yurtimiz ravnaqini ortga surib, aholi turmush sifati va farovonligiga salbiy ta’sir etib kelgan byurokratiya, qog‘ozbozlik hamda korrupsiyaning sezilarli darajada kamayishini ta’minlaydi.
Rustam ANNAEV,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi
bosh mutaxassisi.