Yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida raqamlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etadigan iqtidorli mutaxassislarni yetishtirish maqsadida 2023 yil 19 mayda Vazirlar Mahkamasining “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qaror asosida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslarini tashkil etish markazi 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Mazkur kurslarning asosiy yo‘nalishi “Data Science” bo‘lib, unda tinglovchilarga matematik statistika, dasturiy ta’minot vositalari orqali katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, ularga asoslangan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish bo‘yicha chuqur bilimlar beriladi. Kurs doirasida tinglovchilar zamonaviy talablar asosida tayyorlanib, davlat organlari va boshqa tashkilotlar ehtiyojlari uchun raqamli tahlilga ixtisoslashgan mutaxassislar sifatida yetishib chiqadilar.

Tayyorlov o‘quv kurslariga barcha oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishi 2-bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalardan kursga qabul qilingan 60 nafar talaba “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomladilar.
Shu munosabat bilan 2024/2025-o‘quv yili bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Mirzo Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi O.Salimov hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov ishtirok etdi. Vazir Sh.Shermatov kurs bitiruvchilarini tabriklab, ularning zamonaviy kasblarni egallashda, ilm-fan va texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishda faol bo‘lishlariga ishonch bildirdi. U, shuningdek, bu kabi tashabbuslarning davom ettirilishi yoshlarning raqamli salohiyatini yuksaltirishda muhim omil ekanini ta’kidladi.

Hozirda “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Data Science kurslariga 2025/2026-o‘quv yili uchun qabul jarayoni davom etmoqda. Tanlovda ayniqsa 3-bosqichda tahsil olayotgan, raqamli texnologiyalarga qiziqadigan yoshlar ishtirok etishi mumkin. Tanlov asosida saralangan talabalar Toshkent shahrida bir yil davomida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yosh avlodning raqamli sohalarga qiziqishi — kelajakda ilmiy salohiyatli, texnologik saviyasi yuqori mutaxassislar yetishib chiqishiga zamin yaratadi. “Mirzo Ulug‘bek vorislari” kabi tashabbuslar yoshlarga yo‘l ochib bermoqda va yurtimizda raqamlashgan, zamonaviy jamiyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA