Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida AQSHda tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari hamda o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mamlakatimizda IT sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv davomida vatandoshlarga o‘z startaplarini rivojlantirishlari uchun vazirlik tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan “Raqamli dunyo” loyihasida ishtirok etish, O‘zbekistonning “Raqamli texnologiyalar elchisi” sifatida faoliyat yuritish imkoniyatlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.

“Raqamli dunyo” loyihasining asosiy maqsadi xorijda tahsil olayotgan talaba-yoshlar o‘rtasida IT-ambassador faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekistonning IT sohasidagi imkoniyatlari va yaratilgan imtiyozlar haqida targ‘ibot ishlarini amalga oshirishdan iborat.
Shuningdek, xorijdagi vatandosh yoshlarni IT sohasiga keng jalb etish, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga ilmiy tahlil asosida professional maslahatlar bilan ko‘maklashish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi va tizim tashkilotlarida amaliyot dasturlarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
N.Rahmonova,
O‘zA