Raqamli dunyo energiya tizimini qanday o‘zgartirmoqda?
Jahon data-markazlari xaritasi nafaqat raqamli rivojlanish darajasini, balki ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlanganlik imkoniyatini ham aks ettiradi. “Data Center Map” xizmati ma’lumotlari asosida tayyorlangan “Visual Capitalist” reytingi ushbu masala dolzarb ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Platforma ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi 178 mamlakatda jami 11 ming 363 ta data-markaz ro‘yxatga olingan. Bunday ob’ektlar eng ko‘p AQSHda joylashgan (4240 ta). Keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya (525 ta) va Germaniya (517 ta) turadi. O‘zbekistonda esa 6 ta data-markaz mavjud. Bular esa raqamli iqtisodiyotning jismoniy infratuzilmasi qanchalik jadal sur’atlarda kengayayotganini ko‘rsatuvchi muhim ko‘rsatkich sifatida baholanadi.
So‘nggi yillarda data-markazlar faqat serverlar joylashtiriladigan va ma’lumotlar saqlanadigan texnik ob’ekt bo‘lib qolmadi. Ular aloqa, transport va energetika kabi zamonaviy iqtisodiyotning asosiy infratuzilma elementlaridan biriga aylandi. Bulutli xizmatlar, platformaviy yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanar ekan, nafaqat hisoblash quvvatlari, balki ular qanday energetik manbalarga tayanib ishlashi masalasi ham tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqaro energetika agentligining “Energiya va sun’iy intellekt” hisobotida qayd etilishicha, 2030-yilga borib data-markazlarning jahon bo‘yicha elektr energiyasi iste’moli ikki barobarga oshib, qariyb 945 TVt·soatga yetadi. Bu dunyodagi umumiy elektr energiyasi iste’molining qariyb 3 foizini tashkil etadi. 2024-2030-yillar oralig‘ida esa data-markazlarda elektr energiyasi iste’moli yiliga o‘rtacha 15 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich boshqa sohalardagi o‘sish sur’atlaridan to‘rt barobar yuqori. Hisobotda bu tendensiya, avvalo, sun’iy intellekt texnologiyalarining jadal rivoji bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Zero, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va amaliyotga joriy etish asosan data-markazlarda amalga oshiriladi.
Shu nuqtai nazardan, data-markazlarni barqaror va prognoz qilinadigan energiya ta’minoti bilan ta’minlash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Xalqaro energetika agentligining ma’lum qilishicha, elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borayotgani sabab mamlakatlar turli yechimlardan foydalanishga majbur bo‘ladi. Jumladan, gaz asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya saqlash tizimlari, shuningdek, yangi yadro va geotermal texnologiyalar shular jumlasidan.
Bu, albatta, data-markazlar muayyan energiya manbalariga bevosita bog‘lanadi, degani emas. Biroq ma’lumotlar hajmi, bulutli xizmatlar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ko‘paygani sari energiya tizimi barqarorligiga qo‘yiladigan talab ham keskin ortib boradi. Shu jihatdan, atom energetikasi mavzusi raqamli rivojlanishning keyingi bosqichi qaysi energetik asoslarga tayanishi haqidagi keng muhokamaning ajralmas qismiga aylanmoqda.
O‘zbekiston uchun ham bu masala amaliy ahamiyatga ega. Respublika atom energetikasi kelgusi energetika balansida muhim tarkibiy yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Rosatom” tajribasi diqqatga sazovor. Kompaniya raqamli infratuzilmani energetika sohasidagi salohiyati bilan uyg‘unlashtirgan holda “Atomdata” data-markazlari tarmog‘ini rivojlantirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tarmoq Tver viloyati, Sankt-Peterburg, Moskva va Tataristondagi maydonlarni qamrab oladi. Ularning umumiy quvvati 93 MVtdan ortiq bo‘lib, server stoykalari uchun 6,5 mingdan ziyod joy mavjud. Bu misol yirik kompaniyalar data-markazlarni alohida IT ob’ekti sifatida emas, balki energetika va sanoat infratuzilmasining ajralmas qismi sifatida ko‘rayotganini namoyon etadi.
Xulosa qilib aytganda, jahon data-markazlari haqidagi yangi ma’lumotlar faqat raqamlashtirish darajasini emas, balki raqamli iqtisodiyotni barqaror qilish uchun zarur infratuzilma imkoniyatlarini ham ko‘rsatmoqda. Sun’iy intellekt rivojlanayotgan davrda esa ustunlik faqat kuchli hisoblash quvvatiga ega davlatlarda emas, balki ushbu tizimlarni uzluksiz va ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlay oladigan mamlakatlarda ham bo‘ladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA