Surxondaryo viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasasi hamkorligida “Raqamli avlod qizlari” respublika tanlovining tuman (shahar) bosqichi boshlandi.
2021 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlov xotin-qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi bilim va malakasini oshirish, ularni zamonaviy kasbga yo‘naltirish hamda ishlab chiqqan g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shu paytgacha mazkur tanlovda 16–20 va 21–30 yosh toifasida 100 ming nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 maydagi “Bolalar uchun mo‘ljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bu yil tanlov takomillashtirildi, ya’ni raqamli texnologiyalar, kontentlar yaratish bilan bog‘liq zamonaviy kasblarni egallashga ishtiyoqi baland bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, saralab olish hamda ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Raqamli avlod” loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Endilikda “Raqamli avlod qizlari” tanlovi ham mazkur loyiha doirasida o‘tkaziladi va tanlov g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
[gallery-26090]
Surxondaryo viloyatida bu yilgi tanlovda qatnashish uchun 3096 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgan. Ular ta’lim (996 loyiha), sun’iy intellekt (901 loyiha), iqlim o‘zgarishi (524 loyiha) va yashil iqtisodiyot (675 loyiha) yo‘nalishida o‘z loyihalarini taqdim etadi. Ishtirokchilar orasida maktab o‘quvchilari, talabalar, AKT sohasiga qiziquvchi yoshlar bor. Ular taqdim etgan loyihalar soha mutaxassislari, maktab va oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan baholab borilmoqda.
8 noyabrga qadar davom etadigan tanlovning tuman (shahar) bosqichida eng yaxshi deb topilgan va yuqori baholangan 5 loyiha viloyat bosqichiga tavsiya etiladi. Viloyat bosqichi o‘quvchi va talabalarning qishki ta’tili paytida, yakuniy respublika bosqichi esa bahor oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Sw9tyOadJrU" title="“Raqamli avlod qizlari” bellashuvni boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA