Raqamli avlod IT haftaligi – sohada yangi iste’dodlarni kashf etdi
Poytaxtimizda joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabda “Raqamli avlod IT haftaligi” hamda “Microsoft Community Conf 2024 Uzbekistan” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda IT sohasiga qiziquvchi 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz, jumladan, mamlakatning turli hududlaridan o‘quvchi va talabalar qatnashdi.
Yosh avlodning IT sohasidagi qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning texnologik yutuqlarini ommaga tanishtirish hamda innovatsion ixtirolarni rag‘batlantirish maqsadiga qaratilgan haftalik davomida qator tadbir va musobaqalar tashkil etildi.
Xususan, “DG Contest”, “Robo Sumo”, “Robo Football”, “Robo Racin” tanlovlarida dasturlashga qiziquvchi yoshlarning bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
Foydali ixtirolar yo‘nalishida esa innovatsion ishlanmalari va ijodiy g‘oyalari bilan ajralib turuvchi yosh ixtirochilarning loyihalari taqdimot qilindi. Ushbu yo‘nalish mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shuvchi ilmiy va texnologik yutuqlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
“Microsoft Community Conf 2024 Uzbekistan” – “Microsoft” hamjamiyatining O‘zbekistondagi yirik anjumani bo‘lib, unda ishtirokchilar xalqaro va mahalliy spikerlardan dasturlashdagi yangi texnologiyalar bilan tanishish va o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Konferensiya doirasidagi seminar va trening-mashg‘ulotlarda IT sohasidagi mahalliy mutaxassislar bilan birga, 10 dan ziyod xalqaro spiker va ekspert ishtirok etdi.
Yakunda haftalik davomida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari, faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-20631]
Haftalik yoshlarning raqamli texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, yangi iste’dodlarni kashf etish, ularni kelajakda talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Kamola YUSUPOVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat) O‘zA muxbirlari