Mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalar, ayniqsa zamonaviy axborot texnologiyalarini jadal rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “Google” kompaniyasi hamda “Digital Generation” NNT hamkorligida joriy yilning 21-26 noyabr kunlari IT sohasiga qiziqish bildirgan yoshlar uchun «Raqamli avlod IT haftaligi» tadbiri tashkil etilmoqda.
Mazkur haftalik doirasida Robo Labirint, Robo Futbol, DG Contest, Cyber Sport yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar va GDG Google Dev fest tadbiri tashkil etiladi.
Tadbirga o‘z sohasining yetakchisi bo‘lgan xorijiy mutaxassislar "Google Developer Ecosystem & Google for Startups" (Turkiya va O‘rta Osiyo) rahbari Baris Yesugey, "Angry Birds" asoschisi Peter Vesterbacka, Belarus davlatining iTechArt dasturchisi Igor Dubanos va boshqa yetuk IT mutaxassislari va ekspertlarining ishtiroki kutilmoqda. Shu bilan birga, mazkur tadbirda 20 ga yaqin IT sohasidagi spikerlar ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Haftalik onlayn va offlayn formatda o‘tkaziladi. Onlayn shaklda 500 nafardan ziyod, offlayn tarzda esa 3 ming nafardan ziyod IT sohasiga qiziquvchi yoshlar qatnashishi kutilmoqda.
O‘zA
(Usmonova)