Milliy matbuot markazida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, 2022 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-xududiy chegarasidagi jami yerlari 44 million 892 ming gektarni tashkil etadi. Ushbu maydonlar foydalanish maqsadiga qarab 8 ta toifaga bo‘linadi. Bulardan qishloq xo‘jaligi yerlari 22 million 116 ming gektarni tashkil etadi. Shunda sug‘oriladigan yerlar 3 million 200 ming gektardan ortiq.
Kadastr agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, xatlov ishlari zamonaviy o‘lchov asboblaridan foydalangan holda bajarilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad klasterlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa yerdan foydalanuvchilarning o‘zlariga tegishli yer maydonlari va chegaralarini aniq, shaffof holda yer hisobini yuritishdan iborat.
2022-2023 yillarda Milliy geografik axborot tizimini yaratish doirasida 50 ta stansiya to‘liq qamrab olinmagan hududlarda qo‘shimcha yana 80 ta stansiyalar o‘rnatish rejalashtirilgan. Mazkur stansiyalar ishga tushsa, respublika hududi 30 km radiusda to‘liq qamrab olinadi.
Davlat yer kadastrini yuritish uchun 1:500 - 1:25 000 masshtabgacha bo‘lgan ortofotoplanlar yaratilmoqda. Ushbu ortofotoplanlardan hattoki 5 sm. kattalikdagi gugurt qutini ham elektron tarzda kattalashtirib ko‘rish mumkin. Bu degani joylardagi barcha topoelementlar (ariq, zovur, yo‘l, kontur chegaralari, quvurlar va boshqalar)ni ArcGIS dasturidan foydalangan holda bemalol aniq ko‘rish imkonini beradi.
DMC III raqamli zamonaviy aerokamera yordamida 1200-3200 metrgacha balandlikda bo‘lgan masofadan turib aerosuratga olish imkoniyati mavjud. Masofaga bog‘liq holda 5-14 sm gacha aniqlikda kartalar yaratish imkonini beradi. Ushbu kamera AN-2 samolyotiga o‘rnatilgan holda foydalanilmoqda va hozirgi kungacha respublikaning 5 million 200 ming gektar maydonlarning aerosuratlari tayyorlandi va yil yakuniga qadar yana 5 million gektar maydonda aerosuratga olish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
Xatlov ishlari 4 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda tumanlarning sug‘oriladigan hududlarida 1:10 000 boshqa hududlarida 1:25 000 masshtabga tayyorlangan ortofotoplanga ma’muriy hududiy birliklar chegaralari tushuriladi. Ikkinchi bosqichda deshifrovka ishlari, ya’ni xar bir yerdan foydalanuvchilarning konturlari va topoelementlari xatlovdan o‘tkazilib, takrorlanmas yangi kontur raqamlari beriladi. Qolaversa, elektron raqamli qishloq xo‘jaligi xaritalari va qaydnomalari yaratiladi.
Uchinchi bosqichda yangi xarita va qaydnomalardan foydalangan holda har bir yerdan foydalanuvchining konturlar sonidan qat’i nazar bitta ob’ekt sifatida xatlovdan o‘tkazib, alohida tartib raqam beriladi. To‘rtinchi bosqichda xatlov natijalari asosida ArcGIS dasturida hududdagi yerdan foydalanuvchilarning chegaralari tushurilgan 1: 10 000 va 1:25 000 masshtablardagi qishloq xo‘jaligi xaritalari yaratiladi.
Elektron xaritalarni oldin tayyorlangan qog‘oz shaklidagi xaritalardan farqi bu xaritalar maxsus qurilmalarda saqlanishi va har kim xohlagandek o‘zgarishlar kirita olmasligi bilan farq qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, xatlov ishlari bugungi kunga qadar 104 ta tumandagi 211 mingdan ortiq yerdan foydalanuvchilarning 24 million 707 ming gektar maydonlarida amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat xizmatlari va ma’lumotlarini raqamlashtirish, imkon qadar “inson faktori”ni kamaytirish ishlarining jadal sur’atlarda amalga oshirilishi joylardagi ayrim mansabdor shaxslarning kirdikorlarini fosh qilishga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri