Bugun, 6 iyul kuni Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida "Grand Chess Tour" tizimidagi navbatdagi “Rapid & Blitz Croatia” turnirining so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kun davomida musobaqada ishtirok etayotgan dunyoning eng kuchli 10 nafar shaxmatchisi turnirning blits yo‘nalishidagi qolgan 9 ta tur bahslarida o‘zaro ro‘baro‘ keladi.

Kecha blits o‘yinlarining 9 ta tur o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, FIDE reytingi yetakchisi, dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsen 7,5 ochko bilan yetakchilikni ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi.
Turnirning rapid yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju 1,5 ochko bilan 10-o‘rinda bormoqda.

Blits bahslarining ortda qolgan 9 ta turining 4 tasida g‘alaba, 3 tasida mag‘lubiyat va 2 tasida durang ko‘rsatkichini qayd etgan hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 5 ochko bilan 4-pog‘onani band etib turibdi.
O‘tkazilgan bilits musobaqalarida N. Abdusattorov Fabiano Karuana, Uesli So, Magnus Karlsenga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, Dommaradju Gukesh, Yan-Kshishtof Duda, Ivan Sarich, Alireza Firuzdjadan ustun kelgan holatda, Anish Giri va Rameshbabu Praggnanandxa bilan murosa yo‘lini tanladi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollaridan iborat xalqaro turnir g‘olibi 40 ming, 2-o‘rin 30 ming, 3-o‘rin 25 ming, 4-o‘rin 20 ming, 5-o‘rin 15 ming, 6-o‘rin 11 ming, 7-o‘rin 10 ming, 8-o‘rin 9 ming, 9-o‘rin 8 ming, 10-o‘rin 7 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, musobaqada eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan shaxmatchilar "Grand Chess Tour" tizimidagi keyingi turnirlarda qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.
Xo‘sh, g‘oliblikka kim munosib? Magnus Karlsenmi, Dommaradju Gukeshmi yoki kutilmagan shaxmatchi boshiga bu baxt qushi qo‘nadimi? Barchasiga bugun o‘tkaziladigan so‘nggi o‘yinlardagi natijalar orqali oydinlik kiritiladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA