Ramin Sharifov: O‘zbekiston va Ozarbayjon yangi iqtisodiy zanjir yaratmoqda
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabati siyosiy-diplomatik va iqtisodiy yo‘nalishda birdek jadal rivojlanmoqda. Savdo, investitsiya, sanoat, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarmoqda.
Bu haqda Bokuda faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston – Ozarbayjon Tijorat uyi direktori Ramin Sharifov AzerTAJga ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, o‘zaro savdo o‘sishi iqtisodiy munosabatdagi yangi bosqichni yaqqol ko‘rsatmoqda.
2025-yil tovar aylanmasi uch barobar oshib, 795 million dollarga yetdi. Joriy yil yanvar-iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich 200 million dollardan oshgan. Sarmoyaviy hamkorlikda 2023-yil 500 million dollar nizom jamg‘armasi bilan tashkil etilgan Investitsiya kompaniyasi muhim mexanizm sifatida maydonga chiqdi.
O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ortishi ham iqtisodiy aloqa ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. O‘tgan yil 280 shunday jamoa, jumladan 58 qo‘shma va 222 xususiy korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yil iyul oyiga kelib jami raqam 442 ni tashkil etgan.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati: o‘zaro aloqa tovar ayirboshlash doirasidan chiqib, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalariga o‘tmoqda. 2025-yil sanoat, qurilish, ishlab chiqarish va infratuzilma sohalarida qator hujjatlar imzolandi. Quruq qurilish aralashmasi va gipsli karton ishlab chiqarish, Namanganda uy-joy qurilishi, sut mahsulotlari, maishiy kimyo vositalari hamda yuqori kuchlanishga chidamli sim shular jumlasidan.
Mulozim fikricha, ayni tendensiya iqtisodiy hamkorlik mazmuni o‘zgarayotganini anglatadi. Avval asosiy e’tibor tayyor mahsulot savdosiga qaratilgan. Endi esa qo‘shilgan qiymat yaratadigan ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishga urg‘u berilmoqda.
Transport-logistika yo‘nalishi ham sheriklikning muhim tarkibiy qismiga aylanyapti. Ozarbayjon Kaspiy dengizi orqali Markaziy Osiyo va Yevropani bog‘laydi. O‘zbekiston mintaqaning yirik iqtisodiyoti sifatida qo‘shni bozorlarga chiqish imkoniga ega.
Shu nuqtai nazardan O‘rta yo‘lak, Kaspiy orqali tashuv va yangi logistika imkoniyati ikki tomonlama savdoni yanada oshirish uchun ulkan salohiyatga ega. O‘zbekiston tomonining Ozarbayjon mahsulotlarini Termizdagi logistika infratuzilmasi orqali qo‘shni bozorlarga chiqarish imkoniyatiga qiziqishi esa iqtisodiy hamkorlik geografiyasi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA