Ramazon hayiti – yaxshilik ulashuvchi bayram
Poklanish oyi ham yakunlanayotgan bo‘lib, mamlakatimizda Ramazon hayiti keng nishonlanadi. Mehr-muruvvat, oqibat, saxovat kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar ifodasi bo‘lmish ushbu ayyom dillarga surur baxsh etishi bilan alohida qadrlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh Abdullayev bilan Ramazon oyi va hayitining mazmun-mohiyati xususida suhbatlashdik.
– “Yaxshi kunlar tez o‘tadi”, deyishadi, – deydi U.Abdullayev. – Yaqindagina tashrifini kutganimiz Ramazonning nihoyalanishiga sanoqli fursatlargina qoldi. Bir tomondan oldimizda eshik qoqib turgan Ramazon hayiti shukuhidan ko‘nglimiz masrur bo‘lsa, ikkinchi jihatdan bir oylik barokatli mehmonimizni kuzatganimizdan mahzunlik tuyayotganimiz ham bor gap.
Xabaringiz bor, o‘tgan yili pandemiya sababli Ramazon kunlari va Ramazon hayitini uyda – oila davrasida o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Shu bois ham ixlosli xalqimiz taroveh va xatmi Qur’onga bo‘lgan sog‘inchini til bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Diyorimizning mo‘min-musulmonlari o‘n ikki oyning sultoni bo‘lmish Ramazon oyini o‘tayotgan sinovli kunlarda ham nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda fayzu futuh bilan o‘tkazib, bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirdilar.
Alhamdulillah, Alloh taolo va’da qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni «Iydi-Fitr», ya’ni Ramazon hayiti kabi ulkan shodiyonani ham intiqlik ila kutmoqdalar.
– Kuni kecha davlatimiz rahbarining Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Shunga ko‘ra, yurtimizda bu kun dam olish kuni deya e’lon qilinib, yurtdoshlarimiz orasida hayit bayrami o‘zgacha kayfiyatda nishonlanadi, shunday emasmi?
– To‘g‘ri aytasiz. Bu ma’noda Alloh taolo o‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan: “Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas (albatta) shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (madinalik)larning ikki kuni bo‘lib, ular o‘sha kunlarida o‘yin-kulgi qilishar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bu ikki kun qandoq kun?”, – deb so‘radilar. Ular: “Biz johiliyatda shu kunlarda o‘yin-kulgi qilar edik”, – deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshiroq – Azho (qurbon hayiti) va Fitr (ramazon hayiti) kunlarini berdi”, – dedilar” (“Sunan” egalari rivoyat qilgan). Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo‘lgan kundan boshlab “Ramazon hayiti” kunini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o‘qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig‘ilgan.
Vatanimiz istiqlolga erishgan davrdan boshlab esa Ramazon hayiti bayrami keng miqyosda, shu kunni dam olish kuni sifatida nishonlanishi bizning milliy va diniy qadriyatlarimiz, dinimiz shiorlariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibordan nishonadir.
– Ana shunday qutlug‘ kunlarda qanday ishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bu haqda dinimiz ta’limotlarida qanday ko‘rsatmalar mavjud?
– Hayit kunlari yaqinlar, keksalar, bemorlar va beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag‘allarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalarga hayitlik sovg‘alari ulashish xalqimiz ichida an’anaga aylangan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan (birodari)ning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Kim bir musulmonni aybini berkitsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratda satr qiladi. Qaysi bir banda birodarining yordamida bo‘lsa, Alloh taolo ham uning yordamida bo‘ladi”, – deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, hayit arafasida qo‘ni-qo‘shnilarga mehr-muruvvat ko‘rsatish bilan birga moddiy yordamga muhtoj kishilar, ya’ni kam ta’minlangan oilalarga xayr-ehson qilinsa, ularning xonadonlariga ham bayram shukuhi kirib kelgan bo‘ladi.
Shu o‘rinda esga olish lozim bo‘lgan yana bir jihat, “Fitr sadaqasi” ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa hisoblanadi. Bu moliyaviy ibodat shariatimizda ro‘zadorning ro‘zasi komil bo‘lishiga halal beradigan turli behuda gap-so‘z va xatti-harakatlardan poklash va miskinlarga taom bo‘lish ma’nosida joriy qilingan.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra “Ramazon hayiti” kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Fitr sadaqasi”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi.
Shuningdek, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga fazilatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak. Bunday holatlarda hayitliklar berish ham oradagi quduratni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib shuni aytmoqchimanki, barcha mo‘min-musulmon olami, jumladan, xalqimizga Ramazon hayiti muborak bo‘lsin. Bu kunni barakotidan savobli amallarni ko‘paytirishni Yaratganning o‘zi nasib aylasin. Ixlosli xalqimizning muhabbati, ulug‘ kunlarda qilgan yaxshi amallar ham duolar sabab Alloh butun dunyoni, xususan, Vatanimizni ham tez fursatda bu kasallikdan forig‘ qilsin!
O‘zA muxbiri M. Sulaymonov suhbatlashdi.