Ramazon mo‘min - musulmonlarga Allohning buyuk mukofotlariga yetishish uchun imkon eshiklarini ochib berguvchi najot oyidir. Ana shu rahmat va mag‘firat, yaxshilik va xayru saxovat oyi bo‘lgan muborak Ramazonning uchdan bir qismi ham ortda qoldi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatida qanday ishlar amalga oshirilayotgani bilan qiziqib, O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom- xatibi Mehmonxon Jabborov bilan suhbatda bo‘ldik. U kishi bizga bu oyning fazilatlari va viloyatdagi ishlar haqida gapirib berdi.
– Muqaddas Ramazon oyi oylarning eng qadrlisi bo‘lib, u musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega va bu muqaddas oy barchamizga muborak bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisu shariflarida Ramazon oyi kirishi bilan jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladi va ahli musulmonga zarar yetkazib, Yaratganning yo‘lidan adashtirmasligi uchun shaytonu layinlar zanjirband etiladi, deya ta’kidlanadi. Ya’ni ushbu muborak oyda tavba qilganlarning tavbalari qabul qilinishi hamda amal tarozularining yaxshilik tomon og‘dirilishi imkoniyati bir necha marta ko‘payadi. Ramazon kirishi bilan avvalgi gunohlar uchun tavba qilish, Yaratgandan avf etishni so‘rash, ko‘proq yaxshi amal, saxovat ko‘rsatib, xayr- ehsonlar qilish joizdir.
Ramazon – bag‘rikenglik oyi. Bu yilgi Ramazon oyining o‘zga yillardagidan ajralib turishligi ham shundandir.
Joriy yildagi ro‘zai Ramazonda Jizzax viloyatidagi 170 ta masjida taroveh namozlari o‘qilayotgan bo‘lsa, shulardan 117 tasida o‘zimizdan va boshqa viloyatlardan 189 nafar qori tomonidan xatmi Qur’onlar qilinmoqda, ya’ni har tun Qur’oni karimdan ma’lum porani o‘qib borib, Ramazon oyining 27 sanasida butun mamlakatimizda xatmi Qur’onlar nihoyasiga yetkaziladi.
Ramazon oylarning sultoni, chunki “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (“Baqara” surasi).
Ramazon savoblar yog‘iladigan oy, saxovat oyi dedik. Chunki Ramazonda qilingan bitta farz amaliga 70 barobar, bitta qilingan xayr-ehson yoki yaxshilik amaliga esa o‘ndan yetti yuz barobargacha savob yozilar ekan. Mo‘min- musulmonman, degan har bir banda ana shunday imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligi kerak.
Ramazonni diniy bag‘rikenglik oyi, deb aytdik. Kuni kecha O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyati vakilligi, viloyat hokimi o‘rinbosarlari bilan birgalikda Jizzax shahridagi o‘zgalar yordamiga muhtoj, ehtiyojmand, keksa nogironligi bo‘lgan 10 ta o‘zga din vakillari, ya’ni nasroniylarning xonadonlariga kirib, ularning holidan xabar oldik.Ularning har biriga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va turli sovg‘a-salomlar tuhfa etdik.
Xristian diniga mansub bo‘lgan 75 – 80 yoshlarni qoralab qolgan keksa er-xotinning xonadoniga kirib, ularga “O‘rda” sanatoriysida dam olishlari uchun bepul yo‘llanma berdik. Ular xursand bo‘lib “Bog yest! Bog yedin! Slava Bogu!” deya quvonchdan ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi.
Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib, ular 16 ta konfessiyaga e’tiqod qiladi. Ana shu turli millat vakillari ba’zi davlatlardagiga o‘xshab “Sen nasroniysan, sen musulmonsan, sen yahudiysan” demay, bir yoqadan bosh chiqarib, shu aziz yurt uchun, jonajon O‘zbekiston ravnaqi, tinchligi uchun astoydil mehnat qilib kelayotgani, mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat va albatta diniy bag‘rikenglik tufaylidir, inshoolloh.
Mo‘min- musulmon kishi boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchi kishilarga yomonlik qilmasligi, ular bilan yaxshi muomalada bo‘lishi, yaxshi qo‘shnichilik qilishi, ziyofatga chaqirishi, oilaviy aloqalar o‘rnatishi lozim. Allohning kalomi sanalmish Qur’onu karimda “Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir” (“Mumtahana” surasi), deyiladi.
Alloh taolo bu oyati karimada mo‘min-musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan, agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib o‘z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo‘lishga buyurmokda hamda ularga nisbatan adolatli bo‘lishni ta’kidlamoqda.
Boshqa din vakillari bo‘lgan yurtdoshlarimizning holidan xabar olganimizda ba’zilarining moddiy qiynalib qolganiga guvoh bo‘ldik. Hokimlikka bu haqda ma’lum qildik va zudlik bilan ushbu xonadonlar gilam, ko‘rpa-to‘shak, boshqa xo‘jalik jihozlari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi. Shunday paytda ularning yosh bolalarcha quvonganini ko‘rib, payg‘ambarimiz Muhammad (sallalolohu alayhi vasallam) janoblarining: “Ramazon oyida mo‘minni qalbiga xursandchilik kiritishdan ulug‘roq savob yo‘qdir” deganlari bextiyor yodingizga tushadi.
Ular shu yurtda tug‘ildi, shu yerda o‘sib- ulg‘aydi, ishlab ozmi-ko‘pmi yurtimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shdilar, endi muqaddas Ramazon oyida ularning holidan xabar olib, mushkullarini oson qilishimiz shart. Agar ularning holidan xabar olmasak, ularga yordam qilmasak, ertaga Xudoning oldida qanday javob beramiz. Qolaversa, dinimiz ham bizni shunga undaydi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev birinchi ish kunidan Zarbdor tumanidagi qabristonda bo‘lib, ishni qarovsiz ahvolga kelib qolgan o‘zga din vakillarining qabrlarini obod etishdan boshladi. Zero, tiriklarga qanday hurmat ko‘rsatsak, dinidan, millatidan qat’iy nazar, o‘tganlarga ham ana shunday hurmat ko‘rsatishimiz lozim. Bu ham diniy bag‘rikenglikning yorqin ifodalaridan biridir.
[gallery-22182]
Ulug‘ Ramazon – barokotli, sharofatli, mehr-muruvvat ulashiladigan va duolar ijobat bo‘ladigan oy,ana shunday muqaddas oyda ko‘p millatli xalqimizning birdamligiga, do‘stligiga, hamjihatligiga ko‘z tegmasin. Bir- birlarimizga qo‘limizdan kelguncha yaxshilik qilaylik. Chunki, qaysi din, qaysi mazhab, qaysi millat vakili bo‘lmaylik, barchalarimizning Xudomiz bitta. Biz mo‘min- musulmonlar uchun esa, ayniqsa, muqaddas sanalgan Ramazon oyida ehtiyojmand bo‘lgan dindoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatib, shunday yordamga zarurat sezayotgan boshqa din vakillari bo‘lgan vatandoshlarimizni ajratmay, diniy bag‘rikenglik tamoyili asosida saxovat, mehr-muruvvat ko‘rsataylik. Zero insondan yaxshilik qoladi.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.
Abdujalol Qayumov,
Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari