Mo‘ynoq tumanida “Rally Muynak – 2025” avtoralli bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi X.Batirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev, Mo‘ynoq tumani hokimi B.Menglibekov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Turizm qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan chempionatni o‘tkazishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdir.
[gallery-23538]
Mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi avtomobillarda – dvigatel hajmi 1600 sm3 gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3 gacha “A-9” sinflari bo‘yicha bahslashdilar.
Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etiladi. Avtomotosport musobaqalarida 120 nafardan ortiq avtomotosport ustasi, shuningdek, 40 tadan ortiq avtomobil, 25 tadan ziyod mototsikl va 15 tadan ortiq “Baggi” da ishtirok etadi.
Uch kun davom etadigan ushbu nufuzli musobaqani nafaqat o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo bo‘ylab ushbu sport turi ixlosmandlari katta qiziqish bilan kuzatadi. Uning g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrinlari topshiriladi.
Musobaqalar doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AH7k9HzHaZo" title="“Rally Muynak – 2025” musobaqasiga start berildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA