
O‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligi yorqin yulduzi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov 62 yoshida vafot etdi.
Rahmatjon Qurbonov 1959 yil 20 sentyabrda Xorazm viloyati Xiva tumanida tug‘ilgan. 1984 yil Toshkent davlat konservatoriyasini bitirgach, mehnat faoliyatini shu yil Toshkent davlat konservatoriyasi o‘qituvchisi lavozimidan boshladi. 1987 yil Toshkent davlat konservatoriyasi Sharq musiqasi kafedrasi o‘qituvchisi. 1987-1988 yillar O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli direktori. 1988-1997 yillar O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli xonandasi. 1997-2004 yillar O‘zbekraqs milliy raqs birlashmasi oliy darajali xonandasi. 2004-2008 yillar erkin ijodkor xonanda. 2008-2013 yillar A.Navoiy nomli Davlat akademik katta teatri milliy cholg‘u ansambli yakkaxon xonandasi. 2013-2015 yillar erkin ijodkor xonanda. 2013-2015 yillar Xorazm viloyati xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘limi ilmiy xodimi. 2015-2017 yillar Xorazm viloyati Madaniyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisi. 2017-2019 yillar Urganch shahar 2-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritgan. 2019 yildan buyon O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyat bo‘linmasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
R.Qurbonov san’at sohasidagi ko‘p yillik serqirra ijodiy faoliyati bilan el-yurt nazariga tushgan, respublikamizda taniqli, xalqimiz suygan san’atkor edi.
U san’at yo‘lida taniqli, zabardast ustozlar izidan bordi. O‘zbek qo‘shiqchilik san’atini, qadimiy kuy va ashulalarimizni mukammal o‘rganib uni avloddan-avlodga yetkazishda va keng targ‘ib qilishda, milliy san’atimiz namunalarini o‘ziga xos uslub va talqinda ijro qilishda samarali mehnat qilib, o‘z navbatida, o‘zbek qo‘shiqchilik san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan sermahsul ijod sohibi edi.
R.Qurbonov xalqimizning asl san’at durdonalarini, ko‘plab maqom hamda mumtoz ashulalarni o‘zgacha mehr va ixlos, yuksak mahorat bilan me’yoriga yetkazib yuqori saviyada ijro qilgan. R.Qurbonov tomonidan kuylangan, uning ijodiga mansub mustaqil yurtimizni tarannum qiluvchi vatanparvarlik ruhi singdirilgan qo‘shiqlar, yalla, lirik va boshqa janrlardagi sermazmun ashulalar el orasida mashhur bo‘ldi va uning ma’naviy mulkiga aylandi. San’atkor ijrosidagi mumtoz, xalq og‘zaki ijodi va zamonaviy yo‘nalishlardagi qo‘shiqlarini xalqimiz har doim iliq kutib oldi. Xonanda ijodiy faoliyati davomida qardosh − qoraqalpoq, ozarbayjon, turkman, turk, tojik xalq qo‘shiqlarini ham zo‘r ishtiyoq bilan kuyladi va ko‘pchilikning mehrini qozondi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ulkan zamin yaratdi.
U ustoz san’atkor K.Otaniyozovning 100 yilligiga bag‘ishlab “Ustoz yo‘lidan” nomli kitobni yozdi.
R.Qurbonov ijodiy faoliyati davomida nafaqat respublikamizda, balki Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya kabi o‘nlab xorijiy davlatlarda ijodiy gastrol safarlarida bo‘lib o‘zbek xalqi san’ati, milliy qadriyatlarini jahonga targ‘ib qilishga muvaffaq bo‘lgan san’atkor edi.
El-yurt oldidagi ko‘p yillik fidoyi mehnatlari yuksak qadrlanib 1993 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2002 yilda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni, 2018 yil “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan munosib taqdirlangan.
Xorazm viloyati hokimligi va butun Xorazm eli nomidan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonovning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.
F.Ermanov, K.Igambergenov, S.Salayev, T.Davletov