"Rahbar va yoshlar" uchrashuvida kelgusi vazifalar belgilab olindi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da joylashgan O‘zbekiston davlat sport akademiyasida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi tashkil etildi.
Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston davlat sport akademiyasi rektori Ilhom Tursunaliyev va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimovning yoshlar bilan muloqoti davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalar, mavjud muammolar xususida so‘z bordi.
Yurtimizdagi jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun har jihatdan qulay shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, yosh sportchilarning yuqori natijalarga erishishini ta’minlash hamda sport sohasining dolzarb masalalari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Mutasaddilar yoshlarning sport sohasidagi faolligini oshirish, ularni xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash hamda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa ekanini bildirdi.
[gallery-28407]
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot yakunida yosh sportchilarning savollariga atroflicha javob berildi hamda ularning takliflari asosida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev,
N.Haydarov(surat), O‘zA