Rahbar va yoshlar uchrashuvi
Yoshlar kuni munosabati bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bosh boshqarmalari boshliqlari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bandligini ta’minlash, innovatsion g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 100 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.


Muloqotda yoshlar uchun yaratilgan bugungi imkoniyatlar xususida so‘z bordi. Yoshlarga ularning o‘z maqsadlariga erishishlari uchun kerakli tavsiyalar berildi. Ko‘zlangan natijani qo‘lga kiritishda astoydil harakat va bilim olish muhimligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanib, shu asosda ularning o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishi, chuqur bilim olishi, ilg‘or fikrli va vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan fidoyi insonlar bo‘lib kamol topishiga barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada joylarda rahbar va yoshlar uchrashuvlari tashkil etilib, ularning xohish-istaklarini eshitish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.


Shuningdek, uchrashuvda yoshlar mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan qator yangi g‘oya va tashabbuslarini bildirdi. O‘z navbatida, barcha fikrlar inobatga olinib, ko‘tarilgan muammolarga joyida yechim topish choralari ko‘rildi va yoshlarning barcha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlandi.
G.Boboyeva, O‘zA