Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligiga bag‘ishlangan “Kasaba uyushmalari haftaligi” doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi respublika Kengashi raisi Otabek Musayev, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva va talabalar ishtirok etdi.

Dastlab Federatsiya tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, kasaba uyushmalari – bu Xalq tashkiloti. Keyingi yillarda ushbu tashkilot nafaqat ishchi-xodimlarga, balki ko‘plab yurtdoshlarimizning dardiga malham, ko‘makdosh, maslakdosh, qo‘llab-quvvatlovchi va madad berib kelayotgan tashkilotga aylandi.

Har yili kasaba uyushma tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tadbirlar dasturiga ko‘ra, xodimlarning madaniyat muassasalari – konsert, muzey va ko‘rgazma zallari, kinoteatrlarga tashriflari, mamlakatimizning diqqatga sazovor shaharlariga sayohatlari uyushtirilmoqda. Shu bilan birga, yakka-yolg‘iz, yordamga muhtoj oilalar, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan yordam berib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi”, shuningdek, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Davlat Satira teatri tomonidan qirg‘iz yozuvchisi Maar Bayjiyevning “Duel” nomli novellasi asosida sahnalashtirilgan “Qalbim sohili” spektakli namoyish etildi.

Ushbu spektaklda uch inson taqdiri misolida hayot sinovlari oldida taslim bo‘lmaslik, har qanday vaziyatda o‘zlikni asrash zarurligiga urg‘u berilgan.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri