Rahbar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Termiz davlat pedagogika institutida bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov hamda institut rektori Azizbek Hasanov qatnashdi.
Uchrashuv yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda bandligini ta’minlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyatini tushuntirish va taklif-mulohazalarni tinglash maqsadida tashkil etildi.
Samimiy va ochiq muloqot davomida yoshlar siyosati sohasida belgilangan ustuvor vazifalar — sifatli ta’lim, bandlikni ta’minlash, munosib ish o‘rinlari yaratish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, “O‘zmilliybank” tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Dastur doirasida “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Biznes start”, “Biznes progress”, “Talaba invest” va “Mening birinchi kasbim” kabi yo‘nalishlar orqali yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
[gallery-29131]
Muloqot davomida bitiruvchilar o‘z biznes loyihalari, bandlik va kasbiy faoliyatga oid savollar bilan murojaat qilib, mutasaddilardan batafsil javob va amaliy tavsiyalar oldi.
Yakunda o‘z biznes faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan faol bitiruvchilarga 300 million, 200 million va 100 million so‘mlik vaucherlar topshirildi.
Tadbir “Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kelgusida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA