Rahbar kadrlarni tayyorlashning yangi modellari
Oʻtgan yillarda mazkur fakultetda 850 dan ortiq rahbar kadrlar tayyorlandi.
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi rahbar kadrlarni tayyorlash fakultetida vohadan tahsil olayotgan bitiruvchi tinglovchilar hamda joriy oʻquv yili uchun tinglovchilikka nomzodlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi rahbar kadrlarni tayyorlash fakulteti boshligʻi, polkovnik M.Ziyodullayev, viloyat IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Sh.Boʻronovlar mamlakatimiz ichki ishlar organlarida keyingi yillarda kadrlar bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yana-da oshirishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻtgan yillarda mazkur fakultetda 850 dan ortiq rahbar kadrlar tayyorlandi. Ayni paytda bu dargohda taʼlim olib, rahbarlik mahoratini oshirgan koʻplab kadrlar davlat boshqaruvi, sud, milliy gvardiya kabi tizimlarda samarali xizmat qilmoqda.
Tuman, shahar va boshqa yuqori tizimlar uchun universal yetuk kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oʻquv maskanida tinglovchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Darslar zamonaviy oʻquv modeli asosida innovatsion usulda olib boriladi. Jismoniy shayligi, maxsus taktik tayyorgarligi oshiriladi. Nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash keng joriy etilgan. Oʻquv davrida tinglovchilarning qanday lavozimga tayinlanishi oʻrganilib, tegishli tavsiyalar berish, rahbar kadrlar zaxirasiga kiritish yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, tinglovchilar bir yil davomida poytaxtdagi mahallalarga biriktirilib, ularga amaliy yordam koʻrsatadi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar IIV tizimida kadrlarni maqsadli tayyorlash va joy-joyiga qoʻyishda muhim oʻrin tutmoqda.
–Soʻnggi yillarda bu yerda taʼlim olib kelgan xodimlarimizning aksariyati rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat IIB kadrlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, mayor M.Bozorov. – Chunki, oʻquv dargohiga shaxsiy tarkibni oʻz ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega chuqur bilimli xodimlarni saralab olish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻqishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichdagi konkurs-imtihonda eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar tinglovchilar safiga qabul qilinadi. Dastlabki saralash bosqichi joylardagi ichki ishlar organlarida boʻlib oʻtadi. Bu yil ham vohada yigirmadan ortiq nomzod rahbar kadr boʻlib yetishish uchun oʻqish istagi borligini maʼlum qilgan.
Uchrashuvda taʼlim muassasasi faoliyatini yana-da takomillashtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar, qabul tartiblari, taʼlim jarayoni va oʻquv dasturlari xususida soʻz yuritildi. Yangi oʻquv yili uchun tinglovchilikka nomzodlar bilan suhbat oʻtkazilib, tuman IIBlarida bu yilgi amaliyot mashgʻulotlarini oʻtayotgan bitiruvchilarning oʻqish jarayonini yana-da rivojlantirish boʻyicha taklif va tavsiyalari tinglandi.