“Rahbar ayollar” ta’lim dasturining yangi mavsumi boshlandi
“Rahbar ayollar” ta’lim dasturining 2026-yilgi mavsumiga start berildi. Dastur doirasida istiqbolli va yuqori salohiyatga ega xotin-qizlarni rahbarlik faoliyatiga tayyorlashning navbatdagi bosqichi boshlandi.
Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–87 va PF–78-son farmonlari ijrosi doirasida tashabbuskor, istiqbolli va yuqori salohiyatga ega xotin-qizlarning zamonaviy rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni davlat xizmatiga tayyorlash hamda professional salohiyatini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan 250 nafardan ziyod nomzod orasidan saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 50 nafar eng salohiyatli xotin-qiz dastur tinglovchisi sifatida tanlab olindi.

Ta’lim dasturi davomida tinglovchilar Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida zamonaviy boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi, vazirlik va idoralarda hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida amaliy stajirovka o‘taydi, xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda yakunda loyiha ishlarini himoya qiladi.
Tadbir doirasida ushbu dasturning o‘tgan yillardagi natijalari taqdim etildi, bitiruvchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, “Asrlar ko‘zgusida ayol rahbarlar siymosi”, “Davrlar ko‘zgusida rahbar ayol imiji” va “Innovatsion g‘oyalar sohibalari” mavzularidagi ko‘rgazmalar namoyish etildi.

“Rahbar ayollar” dasturi davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim va yetakchilik kompetensiyalariga ega malakali ayol rahbarlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zA