“Rahbar ayollar” dasturining 2026-yilgi mavsumi boshlandi
O‘zbekistonda istiqbolli va yuqori salohiyatga ega xotin-qizlarni rahbarlik faoliyatiga tayyorlashga qaratilgan “Rahbar ayollar” ta’lim dasturining 2026-yilgi mavsumiga start berildi.
Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–87 va PF–78-son farmonlari ijrosi doirasida amalga oshirilib, xotin-qizlarning zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni davlat xizmatiga tayyorlash hamda professional salohiyatini oshirishni maqsad qilgan.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan 250 nafardan ortiq nomzod orasidan saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 50 nafar eng salohiyatli xotin-qiz dastur tinglovchisi sifatida tanlab olingan.

Ta’lim jarayonida ishtirokchilar Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida zamonaviy boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oladi.

Shuningdek, ular vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida amaliy stajirovka o‘tab, xorijiy tajribani o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dastur yakunida ishtirokchilar o‘z loyiha ishlarini himoya qiladi. Tadbir davomida “Rahbar ayollar” dasturining avvalgi yillardagi natijalari taqdim etildi, bitiruvchilar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, “Asrlar ko‘zgusida ayol rahbarlar siymosi”, “Davrlar ko‘zgusida rahbar ayol imiji” va “Innovatsion g‘oyalar sohibalari” mavzularidagi ko‘rgazmalar namoyish etildi.

Ta’kidlanishicha, “Rahbar ayollar” dasturi davlat boshqaruvi tizimi uchun zamonaviy bilim, strategik fikrlash va yetakchilik qobiliyat ga ega malakali ayol rahbarlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA