Jahon chempionatining bugungi bahslarida 4 nafar dzyudochimiz qatnashadi
Bugun, 9-avgust kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionati yakkalik musobaqalarining oltinchi kungi bellashuvlarida erkaklar o‘rtasida -100, ayollar o‘rtasida esa -78 kg vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Kun davomidagi bellashuvlarda terma jamoamizning 4 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Xususan, -100 kilogrammda vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Ernazar Sarsenbayev va To‘lqinbek Turdiyev dastlabki saralash musobaqalarida Buyuk Britaniya va Sloveniya terma jamoasi a’zolari bilan ro‘baro‘ kelsa, ayollar o‘rtasida -78 kilogrammda tatamiga chiqadigan hamyurtimiz Marjona Ko‘chimova ilk bahsda Janubiy Koreya vakili Li Jeon Gyun, Barchinoy Qodirova Venesuela terma jamoasi a’zosi Elvismar Rodriges qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Aytish lozim, 93 ta davlatning 620 nafardan ziyod tajribali dzyudochilari ishtirok etayotgan jahon chempionatining ortda qolgan beshinchi kungi bahslari sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 7 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakka peshqadam bo‘lib turibdi.
Keyingi pog‘onalarda borayotgan Ispaniya, Ozarbayjon, Gruziya terma jamoalari hisobida 1 tadan oltin medal mavjud.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan hozircha faqat Nurbek Murtazoyev -90 kilo og‘irlikdagi 49 ta dzyudochi orasida 5-o‘rinni egallashi natijasida xalqaro reyting ochkosi jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Jahon chempionatining yakkalik musobaqalari 10-oktabr kuni yakunlansa, 11-oktabr kuni 18 ta davlat vakillari, jumladan O‘zbekiston dzyudochilari ishtirokida aralash jamoaviy jahon birinchiligi bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA