“Quyosh”da ishsizlar, kambag‘allar bo‘lmaydi
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan aholining bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida Sirdaryo viloyatida ham muhim qadamlar tashlandi.
Bu boradagi ishni tashkil etishda tomorqachilikning o‘rni nihoyatda katta. Buni nafaqat sayxunobodliklar, Sirdaryo tumanidagi Quyosh mahallasi aholisi ham o‘z hayotiy tajribasida isbotlashgan.
Qariyb 6,5 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Quyosh mahallasi aholisining kambag‘allikdan chiqishi, farovonlik sari qadam tashlashida tomorqa xo‘jaligining roli katta bo‘lmoqda. Ular kichik yer maydonlaridan samarali foydalanib, unga ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan pomidor, bolgar qalampiri, bodring, sarimsoqpiyoz, shivit va kashnich kabi rezavor ekin turlarini ekib, yuqori hosil olish hadisini olishgan.

Mahalladan xorijiy davlatlarga qatnaydigan yuk mashinalari, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olmoqchi, uni xorijga eksport qilmoqchi bo‘lgan xaridorlarning keti uzilmaydi.
–Bobolarimiz "Yerni boqsang, yer seni boqadi" deb bejizga aytishmagan,–deydi mahalla raisi Bobur Jabborov.– "Quyosh"liliklarning 70-80 foizi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullansa, qolgan qismi ochiq maydonga– o‘z tomorqasiga foydali va xaridorgir mahsulotlar ekib yetishtiradi. Bu ishlari ortidan uy qurib, to‘y qilib, farzandlarini o‘qityapti. Qolaversa, dasturxonlarining to‘kinligi, ro‘zg‘orining butligi ham aslida shundan.
Shu mahallalik Bakradze Binali o‘z xonadonidagi 4 sotix yerda issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, limon o‘simligidan tashqari pomidor, ko‘kat yetishtirayotgan bo‘lsa, Isroil Chakalov esa 8 sotixli tomorqasining 6 sotixida issiqxona xo‘jaligini tashkil etib, unga pomidor ekib, nafaqat ichki bozorga, Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilib, tuman eksport salohiyatini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

– Omilkorlik bilan ish yuritib, tinim bilmasdan harakat qilgan inson yaxshi daromad topadi. Buning ortidan dasturxoni to‘kin bo‘ladi,–deydi Isroil Chakalov.–Bu borada mahallamiz aholisini ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi. Mahallani aylaning, qay bir xonadon bo‘lsada, bir kiring, ko‘rasiz. Hamma biron bir foydali mehnat bilan band. Kimdir issiqxonachilik, kimdir chorvachilik, yana kimdir parranda va asalarichilik bilan shug‘ullanyapti. Xullas, daromadsizman va ishsizman, deya qog‘oz ko‘tarib, idorama-idora yugurib yurgan kishi deyarli yo‘q.
Ushbu mahallaning yana bir e’tiborli tomoni, Qozog‘iston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan. Bu esa tomorqada yetishtirilayotgan mahsulotni hech qiyinchiliksiz Qozog‘iston, Rossiya davlatlariga eksport qilish imkonini beradi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, mahallada ishsiz, daromadsiz oilalar deyarli topilmaydi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri