Quyosh panellari aholini sifatli suv bilan ta’minlamoqda
Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi "Tamshush" mahalla fuqarolar yig‘ini Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi e’lon qilgan tanlovda 150 million so‘mlik grant mablag‘i g‘olibi bo‘lgan edi.
Mazkur mablag‘ mahallada istiqomat qiluvchi yuzga yaqin xonadon aholisining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga sarflanib, iste’molchilarni sifatli suv bilan ta’minlashda energiya xarajatlarini kamaytirish uchun soatiga 35 kVt energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh panellari o‘rnatildi.
Mahalladagi bu yondashuv aholini faqat sifatli obi-hayot bilan ta’minlab qolmay, suv iste’molidagi xarajatlarni kamaytirdi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi viloyat bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda vohada ikki milliard 800 million so‘mlik grant loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri