Quyosh panelidagi muammo bartaraf etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida yashovchi fuqaro “M.S.E” shartnoma asosida korxonasidan quvvati 3 kilovatt bahosi 15 million so‘m bo‘lgan quyosh panelini sotib olgan.
Oradan biroz vaqt o‘tib quyosh panelida nosozlik kelib chiqqan. Holat bo‘yicha iste’molchi telefon orqali korxona bilan bog‘lanib, yaroqlilik muddati davomida quyosh panelini ta’mirlab berishini so‘ragan. Biroq, korxona mutaxassislari turli bahonalar bilan ta’mirlash ishlarini keyinga surib kelgan. So‘ng iste’molchi Mo‘ynoq tumani iste’molchilar jamiyatlari federatsiyasiga amaliy yordam berishni so‘rab murojaat etgan.
Mazkur murojaat bo‘yicha soha mutaxassislari qonun va qonunosti hujjatlari asosida o‘rganish ishlarini olib bordi. O‘tkazilgan tushuntirish ishlari natijasida qisqa muddat ichida iste’molchining quyosh paneli tuzatib berilishiga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.