Buxoro viloyati Olot tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan “ ” 250 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 63 MVt/126 MVt batareya quvvatini saqlash tizimi tashkil qilinmoqda.
Respublika hukumati, vazirlik va idoralar rahbarlaridan tarkib topgan delegatsiyaning o‘tgan yil 7-10 may kunlari Birlashgan Arab Amirliklari davlatining Abu Dabi shahriga xizmat safari chog‘ida “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini 10 milliard AQSH dollarga yetkazish bo‘yicha birlamchi kelishuvga erishilgan edi. Ushbu maqsad ro‘yobi uchun o‘tgan yilning 17 may kuni Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi doirasida energetika vazirligi, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi o‘rtasida 500 MVt quvvatli shamol va umumiy quvvati 2150 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalari loyihalarini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolangan.
Prezidentimizning joriy yil 31 may kuni Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etiladigan 250 megavatt soat quvvatga ega quyosh elektr stansiyasining qurilishiga start berildi. Ayni kunda mazkur loyiha uchun Olot tumanidan 700 gektar yer ajratilgan. Bu stansiya 2025 yilning yakuniga qadar to‘la quvvatda ishga tushirilishi va yagona elektr tarmog‘iga ulanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston energetika vazirligiga hukumat tomonidan “Nur Buxoro” quyosh fotoelektr stansiyasini loyihalash, qurish, moliyalashtirish, ishga tushirish va foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda uzatish imkoniyati berilgan. Quyosh fotoelektr stansiyasining quvvati 250 megavattli va 63 megavattli/126 megavattli batareya quvvatini saqlash tizimini tashkil qiladi. Loyiha mahalliy qoidalar va xalqaro standartlarga javob beradigan tarzda ishlab chiqilgan. Uning doirasida “Nur Bukhara Solar PV” MCHJ xorijiy korxonasi va “O‘zbekiston Milliy elektr tarmog‘i” AJ o‘rtasida 25 yillik elektr energiyasini sotib olishga doir shartnoma tuzilgan.
Ahamiyatli jihati, bu loyihadan ko‘zlangan maqsad uglerod asosidagi yoqilg‘ilarga energiya qaramligini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiyaga o‘tish rejasini amalga oshirish, issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishdir. Shu jumladan, loyihaning yangi podstansiyasini mavjud elektr uzatish tizimiga ulash uchun 3 kilometrdan ortiq uzunlikda yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi barpo etiladi.

Birlashgan Arab Amirliklarining sohada yetakchi kompaniyasi sanalgan “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 250 MVt soat bo‘lgan “Nur-Buxoro” quyosh fotoelektr stansiyasi va 63 MVt soat quvvatli energiya sig‘imiga ega batareya ombori qurilishiga start berildi. Iste’molchilarning energiya ta’minoti barqarorligini oshirish, elektr ishlab chiqarish samaradorligiga erishish kabi maqsadlarni o‘zida mujassam etgan loyiha tuman ehtiyojining katta qismini qoplash imkonini beradi.
Loyiha bosh menejeri Filip Torresning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda “Nur-Buxoro” Solar quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish loyihasining ro‘yobi kelgusida aksariyati o‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy panellar o‘rnatilishiga yo‘l ochadi. Qolaversa, majmua “O‘zbek – Solar-3” dasturining bir qismi bo‘lib, bu mamlakatimizda raqobatbardosh narxlarda elektr quvvati yetkazib berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Xorijning “Masdar” kompaniyasi “yashil energetika” ta’minoti bo‘yicha dunyoda yetakchi kompaniyalardan sanaladi.
Bugun mamlakatimizda elektr energiyasining bu kabi muqobil yo‘nalishiga katta e’tibor qaratilib, yirik sarmoya kiritilayotgani quvonarli, albatta. Zero, davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Nur-Buxoro” stansiyasi bu yurtimizdagi muqobil energiya ishlab chiqaruvchi yirik majmuada yirik quvvat manbaidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.