Sirdaryoda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlariga quyosh batareyalari o‘rnatish bo‘yicha muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bu innovatsion loyiha elektr ta’minotida barqarorlikni ta’minlashga, ekologik toza energiya quvvatlari ishlab chiqarishga yordam bermoqda.
Bundan ikki-uch yil muqaddam Sirdaryoda quyosh batareyalari bilan yoritiladigan xonadonlar soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ular 700 taga, quyosh bilan isitiladigan tashkilotlar esa 500 taga yaqinlashib qoldi.

–Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hamda 2024 yil 14 iyundagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida yuridik tashkilotlar, aholi xonadonlariga qayta tiklanuvchi energiya manbai bo‘lgan quyosh batareyalarini o‘rnatish, iste’molchilarni muqobil energiyaga o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborildi,– deydi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Sirdaryo hududiy filiali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Rustam Anorqulov. –Buning natijasida yuridik iste’molchilar elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan yetkazib berilayotgan elektr energiyani iqtisod qilish, uning muqobilidan foydalanish maqsadida 8326,0 kVt, aholi vakillari esa o‘z xonadonlariga 2804,2 kVt quyosh batareyalarini o‘rnatib, quyosh energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Quyosh batareyalari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiya, aholiga aniq va barqaror ta’minotni taqdim etibgina qolmay, ekologik yo‘nalishdagi muammolarning yechim topishiga, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.

– Xonadonlarga quyosh batareyalari o‘rnatilishi nafaqat elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olishga, tabiiy resurslarni tejash orqali ekologik ta’sirni kamaytirishga, pirovardida elektr energiya uchun sarflanadigan pul mablag‘larini tejash, qo‘shimcha daromad topish imkonini berdi,–deydi Rustam Anorqulov. – Misol uchun aytganda, o‘z xonadonlariga quyosh batareyalari o‘rnatgan aholi vakillari elektr energiyani tejabgina qolmay, quyosh batareyalari orqali olgan elektr energiyani davlatga sotish ortidan o‘tgan 2024 yil davomida 316 million so‘m, yuridik tashkilotlar esa 624 million so‘m miqdorida iqtisodiy foyda olishdi.
Bunda aholi tomonidan elektr korxonalariga sotilgan 1 kVt elektr energiya uchun 1000 so‘mdan, yuridik tashkilotlar tomonidan sotilgan 1 kVt elektr energiya uchun 720 so‘mdan hisob-kitob qilindi.
– Quyosh batareyalari quyosh nuridan quvvat oladi va elektr energiya ishlab chiqaradi. Uning afzallik jihati shundaki, ular tabiiy resurs – quyosh nuridan foydalanadi, bu esa energiya ishlab chiqarish jarayonida uglerod gazlari (CO2)ni ishlab chiqarmaydi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi,–deydi Yangiyer shahrida shahar prokuraturasi tashabbusi bilan elektr energiyasini iqtisod qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan seminarda ishtirok etgan Yangiyer shahar prokurori mas’ulligidagi 2-sektor shtabi kotibi, 1-darajali yurist Ibrohim Rustamov.–Bundan tashqari, quyosh batareyalari ekologik toza energiya ishlab chiqarishga, energiya mustaqilligini ta’minlashga yordam beradi.

Yangiyer shahrida 2-sektor tashabbusi bilan joriy yilning shu davriga qadar jami 1 967 kVt, shundan, 56 ta aholi xonadoniga 230 kVt, 23 ta ko‘p qavatli uyga 190 kVt, 12 ta ijtimoiy soha ob’ektiga 560 kVt, 78 ta tadbirkorlik sub’ektiga esa 987 kVt quyosh panellari o‘rnatildi.
– Misol uchun aytganda, Yangiyer shahridagi "Karmenta Yan Tekst" korxonasiga 260 kVt, "Sulpak Kompyuters" korxonasiga 70 kVt, "INTER GRAIN" korxonasiga 50 kVt.li yirik quyosh panellari o‘rnatildi. Buning natijasida elektr energiya iste’molining 40 foizi yashil energiya hisobidan qoplanishiga erishildi,–deydi Ibrohim Rustamov.

–Elektr energiyasiga pul to‘lamasdan oyiga 1,5 mln so‘m, 13-uyda istiqomat qilayotgan qo‘shnim esa o‘z xonadoniga 20 kVt. li quyosh paneli o‘rnatib, oyiga 2 mln so‘mgacha qo‘shimcha daromad topyapti,–deydi Yangiyer shahrining “Fazilat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan Ni Viktor.–Eng asosiysi, quyosh panellarining turgan-bitgani foyda.
Bu borada viloyatning Boyovut tumanida ham muhim qadamlar tashlangan. O‘tgan 2024 yilda 134 ta xonadonga quvvati 397 kVt, 71 ta tadbirkorlik sub’ektiga quvvati 760 kVt, 4 ta ko‘p qavatli turar joyga quvvati 80 kVt, 64 ta ijtimoiy soha ob’ektiga quvvati 600 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

–Quyosh batareyasini o‘z xonadoniga o‘rnatgan kishigina uning iqtisodiy samarador texnologiya ekanligini biladi,–deydi "Yangi avlod"lik Tohir Jo‘rayev.–Bundan to‘qqiz oy muqaddam xonadonimga 10 kVt.li quyosh batareyasi o‘rnatganman. Buning natijasida xonadonim doimo charog‘on. Iqtisod qilgan, davlatga sotgan elektr energiya hisobidan ko‘p bo‘lmasa-da, oyiga bir- bir yarim million so‘m miqdorida qo‘shimcha daromad qilaman.
Quyosh batareyalarining yana bir afzal jihati, joylashtirishning qulayligi va iqtisodiy samaradorligi tufayli ular shaharlar va qishloqlar orasidagi energiya bog‘liqligini kamaytiradi. Qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohasida ish su’atini oshirishga, elektr energiya liniyalari yetib bormagan, ammo suv chiqishi qiyin bo‘lgan yerlarga suv nasoslari orqali suv chiqarish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Shu boisdan Sirdaryoda aholi xonadonlariga, ijtimoiy soha ob’ektlari, qishloq xo‘jalik sohasiga quyosh batareyasini o‘rnatish, ishga tushirish ishlari jadal suratlarda olib borilyapti.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri