Bundan ikki yil avval davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingandi. Ushbu huquqiy hujjat avvalo mamlakatimizda iste’mol uchun go‘sht mahsulotlarini ko‘paytirishga xizmat qilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan chekka hududlarda kambag‘allikni kamaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va tarmoqni jadal rivojlantirishga xizmat qildi.
Masalan, boyovutlik Qurbonali Norbo‘tayev ushbu qarordan keyin quyonchilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kredit oladi va quyonning “Yangi Zelandiya”, “Flandr” turlarini ko‘paytira boshlaydi. 55 mln. so‘mga quyon uchun ozuqa tayyorlaydigan uskunalar sotib oladi. Unga ajratilgan 30 gektar yerda beda, makka, arpa, bug‘doy poyasidan granula tayyorlab, quyon ozuqasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Bo‘sh turgan imoratni ta’mirlab, jonivorlarni boqishga joy qildi.
Qarorda ko‘rsatib o‘tilgan: “Go‘sht yo‘nalishidagi quyon zotlarini mahalliy sharoitga moslashtirish va ixtisoslashgan quyonchilik, bo‘rdoqichilik xo‘jaliklarini tashkil etish” bandiga ko‘ra kooperatsiya tizimi tashkil qilindi. Ushbu mahalladagi sohaga qiziqish bildirgan xo‘jaliklarga kooperatsiya asosida kambag‘al oilalarga quyon tarqatildi, so‘ngra mahsulotlarini ham Qurbonali akaning o‘zi sotib olishni yo‘lga qo‘ydi. Masalan, bir bosh zotli quyon 3-4 oyda 12 kilogrammgacha go‘sht qiladi, o‘rtacha 300-500 ming so‘mgacha sotiladi. Bu esa har bir xonadonga kam harajat qilib, katta daromad qilishga zamin yaratdi.
Quyonlar tez yetiluvchanligi, jadal o‘sishi bilan boshqa jonivorlardan alohida ajralib turadi. Masalan, mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra buzoqchaning vazni 47 kunga kelib ikki barobarga ortsa, quyoncha 6 kunning o‘zidayoq, xuddi shuncha vazn yig‘adi. Bir oyda esa bu ko‘rsatkich o‘n barobarga yetadi. Inson uchun 4-5 oylik quyonlarning go‘shti eng foydali hisoblanadi.
Diyetologlarning aytishicha go‘sht tarkibidagi ozuqa moddalari yengil hazm bo‘luvchi oqsil, yog‘, vitamin va mineralga boy. Quyon go‘shtida ko‘p miqdorda vitaminlar, makro va mikro elementlardan temir, fosfor, kobalt, ftor, magniy, kaliy, marganets, rux va boshqa moddalar mavjud.
Xalq tabobatida quyonning yog‘i ko‘pgina kasalliklarni davolashda, shuningdek, farmatsevtika sanoatida ham keng qo‘llaniladi. Bu parhezbop mahsulot me’dada oson hazm bo‘lib, yaxshi o‘zlashtiriladi. Inson tanasida moddalar almashinuvini yaxshilaydi, ayniqsa, ateroskleroz kasalligi rivojlanishining oldini oladi. U bolalar, keksalar, homilador va emizikli ayollar, og‘ir xastalikni boshidan kechirgan insonlar, yuqori jismoniy yuklama bilan ishlovchilar va sportchilarga juda ham foydali ozuqa hisoblanadi.
Uni diyetologlar yurak-qon tomir tizimi xastaliklarida, qandli diabet, gipertoniya, jigar, buyrak, o‘t yo‘li va ayrim me’da-ichak tizimi kasalliklarida tavsiya etadilar. O‘sma kasalligi bor bemorlar va ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi insonlarga ayniqsa, bu go‘sht juda ham foydalidir.
Shuningdek, ushbu ozuqa allergiyaga moyil insonlar uchun ham tavsiya etiladi. Uni muntazam iste’mol qilish teri va shilliq qavatlarning holatiga ijobiy ta’sir etadi.
Xullas, qaror tufayli hududlarimiz aholisining ovqatlanish ratsionida quyon go‘shti ulushi ko‘paymoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga, sog‘lom ovqatlanishga katta turtki bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2sgUvWciD7E" title="Quyonchilikni rivojlantirishga turtki boʻlgan qaror" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA